date

Avazada uch tomonlama muloqot: tranzit, portlar, «yashil» energiya

Avazada uch tomonlama muloqot: tranzit, portlar, «yashil» energiya

«Avaza» milliy turizm zonasida Prezident Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Suhbat davomida qo‘shnilik ruhi va amaliy hamkorlikni ustuvor qiymatga aylantirish masalasi alohida urg‘u bilan tilga olindi.

Savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yangilangan kun tartibi doirasida qo‘shma loyihalarni tezkor amalga oshirish, investitsiya muhitini yaxshilash va biznes uchun barobar sharoitlar yaratish yo‘llari muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi. Shuningdek, mintaqaviy barqarorlik nuqtayi nazaridan muhim qadam sifatida, O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni yaqinda Vashington shahrida Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham dildan qutladi.

Davlatimiz rahbari ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi. Uch davlatning ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi, logistika zanjirlarini qisqartirish, xarajatlarni tushirish va vaqtni tejashga xizmat qiladigan mexanizmlar taklif etildi.

Amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni mamlakatlarimiz hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror va samarali transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirish imkonini berishiga ishonch bildirildi. Hozirgi kunda Xitoy-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlangani, shuningdek, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etildi.

Yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlashi ta’kidlandi. O‘rta marshrutni, shu jumladan Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar ham qo‘llab-quvvatlandi, bu tashabbuslar tranzit vaqtlarini qisqartirishga xizmat qilishi aytildi.

Eng muhim masalalarni birgalikda ekspertlar darajasida ishlab chiqishga kirishish taklif qilindi. Bu — o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligi bildirildi. Bundan tashqari, sa’y-harakatlarni birlashtirish logistika infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan donor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan pragmatik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘z parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi. Bu qadam marshrut barqarorligini oshirish, yig‘ma yuklarning uzluksiz harakatini ta’minlash va portlardagi navbatlarni qisqartirishga xizmat qilishi aytildi.

Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Bu borada Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi istiqbolli ekani ta’kidlandi, qayta tiklanuvchi manbalarga oid qo‘shma quvvatlarni oshirish taklif etildi.

An’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik istiqbollarini o‘rganish taklif etildi. Bunda ekologik standartlarga rioya qilish va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish muhim ekani qayd etildi.

Tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshgan, tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 40 foizga yetgani qayd etildi.

Barqaror savdo-logistika zanjirlarini rivojlantirish, ulgurji-taqsimot markazlarini tashkil etish va yirik savdo tarmoqlariga chiqish, fitosanitariya va karantin talablarini unifikatsiya qilish, mahsulotlarni raqamli markirovkalashni joriy qilish, qo‘shma elektron platformalarni ishga tushirish va tovar-xomashyo birjalari kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutadigan kompleks harakatlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.

Savdo-sanoat palatalari shafeligida ko‘rgazma-yarmarka tadbirlari va ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazish orqali uch mamlakat hududlarini ushbu jarayonlarga faol jalb qilish taklif etildi. Biznes delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, startap va innovatsiya loyihalari uchun qo‘shma akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish fikri bildirildi.

Gumanitar aloqalarni kengaytirish doirasida mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlardan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqlarimizning boy madaniy merosi mushtarakligi, an’ana va urf-odatlari yaqinligini namoyish etish imkonini beradigan turizm va madaniy almashinuvlarning uch tomonlama dasturini qabul qilish taklif qilindi. Ta’lim, sport va yoshlar almashinuvi loyihalari ham qo‘shma dasturning tarkibiy qismi sifatida ko‘rildi.

Yakunda davlatimiz rahbari ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni taklif qildi. Tomonlar bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, amaliy harakatlar rejasini yaqin fursatda boshlash istagini bildirishdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Avazada uch tomonlama muloqot: tranzit, portlar, «yashil» energiya