O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan boshlab sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy etiladi. Ya’ni endilikda har bir tekshiruv jarayoni tasvirga olinadi, tartib-qoidaga rioya etilgani yoki etilmagani aniq yozuvda qoladi. Bu yangilik “O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda mustahkamlandi.
Nimasi muhim?
Farmonga muvofiq, mobil videokamera qo‘llanmasdan o‘tkazilgan har qanday sayyor soliq tekshiruvi – noqonuniy hisoblanadi. Demak, tadbirkor uchun shaffoflik va huquqiy kafolatlar yanada oshadi: inspektor keldimi — kamera yoqilgan bo‘lishi shart, tekshiruv protokoli esa videoyozuv bilan tasdiqlanadi.
To‘lovlarga yengillik:
Soliq auditi (reviziya) natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy muddatda teng ulushlarda to‘lash huquqi endi sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalarga ham tatbiq etiladi. Ya’ni tadbirkorga qaror qilingan majburiyatni qism-qism qilib, pul mablag‘lari oqimiga ta’sir qilmagan holda qoplash imkoni beriladi.
Riskni baholash va “ixtiyoriy tuzatish” imkoniyati:
2025 yil 1 avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” axborot tizimi orqali tekshiruvga nomzod sifatida shakllangan 20 mingdan ortiq subyekt ro‘yxati yangilandi. Ularda jami 16 trillion so‘mga yaqin soliq xavfi qayd etilgan. Shu bilan birga, ushbu korxonalarga soliqqa oid huquqbuzarliklar alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish uchun imkoniyat berildi. Ro‘yxat 1 noyabr holatiga qayta shakllantiriladi — demak, xavfni kamaytirib, hisob-kitoblarni to‘g‘rilab olish uchun vaqt va imkoniyat bor.
Natija nima beradi?
- Tekshiruvda videokuzatuv — tadbirkorning huquqiy himoyasi, inspektorning mas’uliyati.
- Jarimalarni 6 oyda bo‘lib-bo‘lib to‘lash — biznes uchun qo‘shimcha yengillik.
- Riskli guruhga tushgan subyektlarga “o‘zini-o‘zi tuzatish” imkoniyati — jarima va nizolarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qisqasi, qabul qilingan chora-tadbirlar soliq tekshiruvlarida ochiqlik va tartibni kuchaytiradi, tadbirkorlik subyektlari uchun esa tizimli yengillik va huquqiy kafolat yaratadi. Endi eng muhimi — har bir korxona o‘z hisobini tozalasin, hujjatini tayyor tutsin va yangi tartib-qoidalarga mos ish yuritsin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!