date

Qishloq xo‘jaligida rasmiy tovar aylanmasi uch barobarga oshiriladi

Qishloq xo‘jaligida rasmiy tovar aylanmasi uch barobarga oshiriladi

2026–2027-yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy tovar aylanmasini kamida uch martaga ko‘paytirish Prezident tomonidan imzolangan yangi Farmonning asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilandi.

Joriy yil 4-sentyabrda qabul qilingan PF–153-sonli Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni sotish jarayonlariga qator qulayliklar kiritiladi.

Xususan, ushbu mahsulotlarni sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i uchun «nol» stavkasi joriy etiladi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga QQS summasini qaytarish jarayoni ham avtomatlashtiriladi va ushbu jarayon bor-yo‘g‘i uch kun ichida amalga oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, 2026-yildan boshlab ishlab chiqarilgan tovarlarning QQS hisobotlari faqatgina yagona yetkazib berish zanjiri orqali amalga oshiriladi. Elektron hisobvaraq-fakturalar esa xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida tahlil qilinadi.

Shuningdek, yuqori xavf kategoriyasiga kiruvchi elektron hisobvaraq-fakturalar ulushi hisobot davrida rasmiylashtirilgan jami hisobvaraq-fakturalarning 10 foizidan oshmasligi ham qat’iy belgilandi.

Mazkur o‘zgarishlar qishloq xo‘jaligi sohasida rasmiy aylanmani oshirish, tizimda shaffoflikni ta’minlash va tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qishloq xo‘jaligida rasmiy tovar aylanmasi uch barobarga oshiriladi