date

O‘zbekiston va Iordaniya agrosohada yangi kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston va Iordaniya agrosohada yangi kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston va Iordaniya qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator yangi kelishuvlarga erishdi. Safar doirasida Iordaniya qishloq xo‘jaligi vaziri Abdulhalim Saeb bilan uchrashuv o‘tkazilib, ikki davlat agrar sohadagi istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.

Muzokaralar jarayonida asosiy e’tibor suv tanqisligi va tuproqning sho‘rlanishiga chidamli ekin turlariga qaratildi. Xususan, O‘zbekistonda mahalliylashtirish uchun sho‘rga bardoshli pomidor, bug‘doy va arpa navlarini kiritish masalasida kelishuvga erishildi. Shu maqsadda sinov dalalarida turli tajribalar o‘tkazilib, olingan natijalardan kelib chiqib yangi agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, chorvachilik sohasiga ham katta e’tibor qaratildi. Iordaniya tomoni “Avassi” zotli qo‘ylarni O‘zbekistonda mahalliylashtirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Dastlab to‘rt bosh qo‘y hadya sifatida taqdim etilishi va qo‘shimcha ravishda muzlatilgan urug‘ materiallari yuborilishi ma’lum qilindi. Bu tashabbus mahalliy chorvachilikda yangi genetik imkoniyatlarni ochishi kutilmoqda.

Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik resurslarini o‘zaro almashish va genetik banklar hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning o‘simliklar genetik resurslari bo‘yicha xalqaro shartnomaga qo‘shilishi yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidlab, Made in Uzbekistan brendi ostida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasini tashkil etishga kelishib oldilar. Mazkur tadbir Iordaniyaning yirik importyorlari, tadbirkorlari va investorlarini jalb qilib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zaro kelishuvlar nafaqat agrosohadagi hamkorlikni mustahkamlaydi, balki iqtisodiy va ilmiy yo‘nalishlardagi hamkorlikka ham yangi turtki berishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston va Iordaniya agrosohada yangi kelishuvlarga erishdi