O‘zbekistonning jahon bozorlaridagi ishtiroki tobora kengaymoqda. 2025 yilning yanvar–avgust oylarida mamlakat tashqi savdo hajmi sezilarli darajada o‘sib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 20 foizga ko‘paydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur davrda tashqi savdo aylanmasi 51,4 milliard dollarga yetdi. Bu esa 2024 yilning shu davriga nisbatan 8,5 milliard dollarga ko‘pdir.
Eksport ko‘rsatkichi 23 milliard dollarni tashkil etib, 31,3 foizga oshdi. Import esa 28,4 milliard dollarga yetgan va bu 11,8 foizlik o‘sishni anglatadi. Bu raqamlar O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalari izchil rivojlanayotganini hamda eksport salohiyati ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Hozirgi vaqtda mamlakat 200 ta davlat bilan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. Asosiy hamkorlar orasida Xitoy 18,9 foiz ulush bilan yetakchilik qilmoqda. Rossiya 16,1 foiz, Qozog‘iston 5,9 foiz, Turkiya 3,7 foiz va Koreya Respublikasi 2,2 foiz ko‘rsatkich bilan ro‘yxatdan joy olgan.
Ushbu natijalar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi iqtisodiy mavqei mustahkamlanayotganini va integratsiya jarayonlari barqaror sur’atlarda kechayotganini ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!