22:50 / 07.02.2018
6 122

Qay biri ko‘proq: muhojirlar yuborgan pulmi yoki asosiy eksport mahsulotlardan tushgan daromad?

Qay biri ko‘proq: muhojirlar yuborgan pulmi yoki asosiy eksport mahsulotlardan tushgan daromad?
Meksika — jahonning eng rivojlangan 20 davlatidan biri. Eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahonda 13-o‘rinda. Ayni vaqtda, mamlakatning 10 milliondan ziyod aholisi AQShda yashab, mehnat qiladi va vataniga har yili qariyb 30 milliard dollar yuboradi — bu pullar ham Meksika iqtisodiyotida muhim o‘ringa ega. Meksikaning iqtisodiyoti ancha kuchli, biroq, Bangladesh, Filippin, Misr kabi mamlakatlarning u yoki bu ko‘rinishdagi mahsulotlar eksportidan ko‘ra mehnat resurslari eksportidan ko‘proq pul ishlaydi. Raqamlarga ko‘z yugurtirib, xom ashyo yo tayyor mahsulotdan ko‘ra (yoki u bilan birga) mehnat resurslari eksporti daromadliroq emasmikin, degan fikr uyg‘onishi tabiiy.
  • Mamlakatlarning asosiy eksport mahsulotlari haqidagi ma’lumot 2016 yilga taalluqli, bunda eksport ro‘yxatida birinchi uchlikda turgan mahsulotlar tanlab olindi. Bu ma’lumotlar Massachusets texnologiya institutining Media laboratoriyasi tomonidan tayyorlangan OEC loyihasidan olindi, loyihadagi raqamlar manbasi — BMTning UN Comtrade dasturida e’lon qilingan statistik axborotdir.
  • Pul o‘tkazmalari miqdori haqidagi ma’lumotlar 2016 yilning yanvar—dekabr oylariga taalluqli bo‘lib, bu raqamlar Jahon bankining 2017 yil uchinchi choragi yakunlari bo‘yicha hisobotidan olindi. Bank ushbu hisobotni Xalqaro valyuta fondi, mamlakatlarning Markaziy banklari va milliy statistika idoralari taqdim etgan ma’lumotlar asosida tayyorlagan.
  • Aholi soniga doir ma’lumotlar 2016 yil 1 iyul holatiga ko‘ra to‘g‘ri bo‘lib, raqamlar BMTning 2017 yil iyunda e’lon qilingan «Jahon aholisi istiqboli» hisobotidan olindi.
  • Muhojirlar (migrantlar) soni haqidagi ma’lumotlar 2015 yil yanvar—dekabr oylariga taalluqli, bu ma’lumotlar BMTning «Xalqaro muhojirlar tuzilmasidagi tendensiyalar» hisobotidan olindi.


Bangladesh

Banladesh eksportida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari yetakchilik qiladi. Ayni vaqtda, Hindiston va Buyuk Britaniyani hisobga olmasa, Yaqin Sharqning Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt va Qatar mamlakatlari bangladeshlik mehnat muhojirlari uchun ikkinchi vatanga aylangan. Birgina BAAning o‘zidan Bangladeshga bir yilda 2 milliard dollardan ortiq pul o‘tkaziladi.

Misr

Misr eksportining asosi — qayta ishlanmagan yoki to‘liq qayta ishlanmagan yerosti boyliklari. Masalan, birinchi raqamli eksport mahsulot — oltindan 2016 yilda 2,65 milliard dollar daromad ko‘rilgan. Saudiya Arabistonidagi misrliklar esa bir yilda o‘z vataniga bundan salkam ikki barobar ko‘p — 6,42 milliard dollar yuborgan.

Pokiston

Pokiston 2016 yilda jami 20,5 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu — asosiy qismi Saudiya Arabistoni, BAA, Buyuk Britaniya va AQShda bo‘lgan pokistonlik mehnat muhojirlari vatanga bir yilda yuborgan jami puldan biroz ko‘proq.

Filippin

2016 yilda Filippin 54,3 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. AQSh, BAA, Saudiya Arabistoni, Kanada, Malayziya, Qatar va Yaponiyadagi Filippin fuqarolari esa bir yilda o‘z vataniga 24,1 milliard dollar yuborgan. Avstraliya, Kuvayt, Italiya, Buyuk Britaniya, Gonkong, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Bahrayn, Ispaniya, Yangi Zelandiya, Guam, Norvegiya, Ummondagi filippinliklar esa bir necha yuz milliondan pul o‘tkazgan.

Meksika

Meksikaning yutuqli ikki jihati bor — birinchidan, mamlakatda nisbatan arzon ishchi kuchi ko‘p, ikkinchidan, badavlat qo‘shni — AQSh bor. AQSh kompaniyalari, birinchi yutuqli jihatdan kelib chiqib, o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini Meksikaga joylashtiradi — natijada Meksika minglab fuqarolarini ish bilan ta’minlaydi, yana yiliga milliardlab dollarlik avtomobillarni AQShga eksport qiladi.

Vetnam

Janubi-Sharqiy Osiyoning ushbu mamlakati Xitoydagi ishchi kuchining qimmatlashuvidan eng ko‘p foyda ko‘rayotganlardan. Jahonning yetakchi texnologik kompaniyalari o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini Xitoydan Vetnamga ko‘chirmoqda — bu esa mamlakat eksportida, xom ashyodan tashqari, texnologik mahsulotlar ulushini sezilarli oshirmoqda.

Nigeriya

Nigeriyaga xorijdagi vatandoshlar tomonidan yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmiga shubha yo‘q, biroq mamlakatdan tashqaridagi nigeriyalik muhojirlarning soni haqidagi rasmiy statistikasi bahsli. Boshqa manbalarga ko‘ra, hozirgi vaqtda jahon bo‘ylab 17 millionga yaqin nigeriyalik tarqalib ketgan — aynan shuncha miqdordagi muhojir o‘z vataniga yiliga 20 milliard dollar miqdorida pul yuborishiga ishonsa bo‘ladi.

O‘zbekiston

O‘zbekistonlik muhojirlar soni borasidagi rasmiy raqamlar ham Nigeriyaniki kabi bahsli. Masalan, bir rasmiy manbada jahon bo‘ylab 1,9 million nafar o‘zbekistonlik muhojir bor deyiladi, boshqa bir rasmiy yig‘ilishda esa birgina Sankt-Peterburg shahrining o‘zida 1 million o‘zbekistonlik borligi aytiladi. Shuningdek, xalqaro manbalarda O‘zbekistondan xorij mamlakatlariga o‘tkazilgan bir yillik pul miqdori haqida ma’lumot olish mumkin, biroq, Rossiya Markaziy banki taqdim etgan ma’lumot hisobga olinmasa, xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul miqdori haqida ochiq axborot yo‘q (O‘zbekiston Markaziy banki bunday ochiq hisobot bermagan). Shunday qilib, suratda keltirilgan pul o‘tkazmalari miqdori — bu faqat Rossiyadan O‘zbekistonga o‘tkazilgan pul miqdori bo‘lib, uning asosiy qismini mehnat muhojirlarining o‘tkazmalari tashkil etadi.

Manba: daryo.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qay biri ko‘proq: muhojirlar yuborgan pulmi yoki asosiy eksport mahsulotlardan tushgan daromad?