11:01 / 30.03.2018
4 387

Tadbirkor uchun valyuta sotish va sotib olishda qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi

Tadbirkor uchun valyuta sotish va sotib olishda qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki boshqaruv raisi Mamarizo Nurmurodov MBning 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida hisobot berdi.

Kun.uz nashri xabar qilishicha, Nurmurodov hisobot yilida pul-kredit siyosati kuchli inflyatsiya bosimi saqlangan, iqtisodiyotda tub islohotlar amalga oshirilayotgan, shu jumladan, valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati erkinlashtirilayotgan sharoitda olib borilganini ta’kidladi. Bunda asosiy e’tibor pul oqimining o‘sish sur’atlarini barqarorlashtirish orqali pul-kredit siyosati vositalarining samaradorligini oshirishga va ta’sirini kuchaytirishga qaratildi.

«Shu maqsadda Markaziy bank 2017 yil iyun oyida qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizdan 14 foizga ko‘tardi hamda tijorat banklarining kapitallashuv va likvidlik darajasiga qo‘yilgan talablarni kuchaytirdi. Shu bilan birga, kreditlash hajmlari tez sur’atlarda o‘sishi natijasida likvidlikning taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlab tijorat banklariga qayta moliyalashtirish kreditlarini taqdim etish mexanizmlari joriy etildi», deydi u.

Hisobotda ma’lum qilinishicha, 2017 yilda valyuta siyosatini va bozorini erkinlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qator chora-tadbirlar natijasida 2017 yil sentyabrdan boshlab valyuta kursini bozor mexanizmlari asosida belgilash joriy etildi, shuningdek aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun valyuta mablag‘larini sotish, sotib olish va tasarruf etishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.

«Bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini va barqarorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hisobot yilida tijorat banklarining umumiy kapitali 2,3 baravar oshdi va 20,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Tijorat banklarining jalb qilingan depozitlari umumiy hajmi 22,3 trln. so‘mga oshdi va 58,7 trln. so‘mni tashkil etdi. Banklar aktivlarining umumiy hajmi 15,2 trln. so‘mga yoki 23,3 foizga oshdi va 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 80,4 trln. so‘mni tashkil etdi», deb ta’kidladi Markaziy Bank boshqaruv raisi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Tadbirkor uchun valyuta sotish va sotib olishda qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi