16:50 / 14.01.2019
12 081

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq solish tubdan o‘zgardi

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq solish tubdan o‘zgardi
Yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlarning aksariyati yuridik shaxslar to‘laydigan soliqlarni to‘laydilar. Bu 24.12.2018 yildagi O‘RQ–508-son Qonun va Prezidentning 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorida nazarda tutilgan.

YaTTga soliq solish yillik aylanmaga bog‘liq
O‘tgan yili aylanmasidan qat’i nazar barcha YaTT, shuningdek muayyan faoliyat turlari (avtotransportni vaqtincha saqlash, bolalar o‘yin avtomatlari) bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar qat’iy belgilangan soliq to‘laganlar. Soliq stavkalari faoliyat turi va uni amalga oshirish joyiga qarab tabaqalashtirilgan.

2019 yildan boshlab YaTTga soliq solish tartibi tubdan o‘zgardi – u endi ularning yillik aylanmasiga (yalpi tushumiga) bog‘liq bo‘ladi (Soliq kodeksining 370-moddasi va 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorning 8-bandi):
  • 100 mln so‘mgacha – qat’iy belgilangan soliq to‘lanadi. Bunda soliq stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi (26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorga 9-ilova);
  • 100 mln so‘mdan ortiq va 1 mlrd so‘mgacha – mol-mulk, yer, suv resurslaridan foydalanganlik uchun va boshqa soliqlarni to‘lash majburiyati bilan 4% stavkada YaST to‘lanadi;
  • 1 mlrd so‘mdan ortiq – soliqlar yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan umumbelgilangan tizim bo‘yicha to‘lanadi.


Quyidagilar ushbu qoidalardan mustasno:
  • meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi YaTT. Ularning eksport tushumiga 4%lik stavkada YaST va realizatsiya qilish hajmi 1 so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganda YaST to‘lovchilar uchun boshqa soliqlar solinadi (17.10.2018 yildagi PQ–3978-son qaror);
  • Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan YaTT. Ular uchun YaST stavkasi 2%ni tashkil etadi (14.05.2018 yildagi PQ–3724-son qaror).

Yagona ijtimoiy to‘lov
YaTT ham to‘lagan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari bekor qilindi. YaTT pensiya tizimini yaratishda o‘z to‘lovlari bilan qatnashishi kerakligi hisobga olingan holda sug‘urta badallari o‘rniga ular uchun yagona ijtimoiy to‘lov joriy etildi.

YaIT soliq to‘lovchining kalendar oyda ishlagan kunlari sonidan qat’i nazar quyidagicha to‘lanadi:
  • yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan – oyiga eng kam ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda;
  • yakka tartibdagi tadbirkorning xodimlari tomonidan – oyiga eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida (Soliq kodeksining 311-moddasi).

Bolalar o‘yin avtomatlari bo‘yicha soliq bekor qilindi
O‘tgan yili yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar bolalar o‘yin avtomatlari bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq to‘laganlar.

2019 yildan boshlab adolatliroq soliq solishni ta’minlash maqsadida olinayotgan daromaddan kelib chiqib ushbu faoliyat turi bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq bekor qilindi.

Bolalar o‘yin avtomatlari xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar ushbu faoliyatdan daromadlarga qo‘llanilayotgan soliq solish tizimiga qarab belgilangan tartibda soliq soladilar.

Bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi YaTT yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan oshmaganda 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarorga 9-ilovaga muvofiq belgilangan stavkalarda qat’iy belgilangan soliq to‘laydilar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq solish tubdan o‘zgardi