23:30 / 09.03.2020
3 401

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Ronesans Holding kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Ronesans Holding kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart, dushanba kuni, Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi hisoblanadigan Ronesans Holding prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu uchrashuv 2020 yil fevral oyida Anqarada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston—Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Bugungi kunda Ronesans Holding kompaniyasi O‘zbekistonda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy ob’ektlar — loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna bo‘lgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha bo‘lgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shuningdek, Turkiya kompaniyasining Toshkent, Samarqand va Farg‘onada ilg‘or xalqaro tajriba va texnologiyalarni jalb qilgan holda ko‘p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Bundan tashqari, muhim ijtimoiy ob’ektlarni rekonstruksiya qilishda injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 19—20 fevral kunlari Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida Ronesans Holding bilan «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro, Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritish, shuningdek, shifoxonalar va savdo markazlarini qurish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Ronesans Holding kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi