18:10 / 01.11.2020
3 333

Prezident tashabbusi: uy-joylar qurilishi bo‘yicha yirik loyiha boshlanmoqda

Prezident tashabbusi: uy-joylar qurilishi bo‘yicha yirik loyiha boshlanmoqda
Ma’lumki, yaqinda Prezidentimiz qurilish sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishib, besh qavatli arzon uylarni mamlakatimizning aholi zich joylashgan barcha hududlarida qurish zarurligini ta’kidlagandi.

Shu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida viloyat hokimlarining Sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda shahar va tumanlardagi uy-joyga ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantirish, yer maydonlarini aniqlash va shular asosida qaysi hududga qancha uy qurish zarurligi bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish masalalari ko‘rildi. Shuningdek, sifatiga ta’sir qilmagan holda uylarni arzonlashtirish, muhtoj oilalar uchun munosib shart-sharoit, ayniqsa moliyaviy qulaylik yaratish zarurligi alohida qayd etildi.

Ma’lumki, Sardoba hamda Mirzaobod tumanlarida qisqa muddatda 86 ta besh qavatli uy qurib bitkazildi. Qurilishi rejalashtirilayotgan ushbu arzon uylarni barpo etishda aynan Sirdaryo tajribasidan foydalaniladi.

Uylar 1 pod’ezd, 5 qavat va 20 ta xonadondan iborat bo‘ladi. Loyihada barcha kommunikatsiya tarmoqlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, uylarni arzonlashtirish va sifatini oshirishga xizmat qiladigan qator omillar mavjud. Xususan, xonadonlarning joylashuvi va xonalarning ichki maydoni maqbullashtirilib, hovli va yo‘laklarga sensorli elektr chiroqlari qo‘yiladi. Hisoblagichlar ham har joyda emas, balki bir joyga to‘planadi. Yuvinish xonasi ham optimallashtiriladi. Barchaga qulay bo‘lishi uchun birinchi qavat zinalari tashqariga chiqarilib, nogironligi bo‘lganlar uchun panduslar quriladi.

Qurilish vazirligida o‘tgan uchrashuvda ta’kidlandiki, mazkur arzon uy-joylarning narx-navosi, ipoteka shartlari, tartibi yaqin kunlarda oydinlashadi. Hozirda Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari birgalikda ish olib bormoqda.

Shuningdek, uchrashuvda hududlarda investitsiya dasturlariga kiritilgan qurilish loyihalarning bajarilishi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mavjud muammolarni tez fursatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident tashabbusi: uy-joylar qurilishi bo‘yicha yirik loyiha boshlanmoqda