07:30 / 27.11.2020
4 651

Rossiya nima uchun Farg‘onadan pomidor va qalampir yetkazib berishga taqiq joriy etdi?

Rossiya nima uchun Farg‘onadan pomidor va qalampir yetkazib berishga taqiq joriy etdi?
O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona viloyatidan Rossiya Federatsiyasiga tomat va qalampir yetkazib berishga taqiq joriy etilgani haqidagi ma’lumotga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi quyidagicha izoh berdi:

"Rossiya Federatsiyasi veterinariya va fitosanitariya nazorati Federal xizmati (Rosselxoznadzor) tomonidan Farg‘ona viloyatidan tomat va qalampir importiga taqiq joriy etilgani haqida ommaviy axborot vositalarida ma’lumotlar e’lon qilingani munosabati bilan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Hozirgi vaqtda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi bilan birgalikda Rosselxoznadzor bilan mazkur masala bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.

Rossiya tomoniga ko‘ra, Farg‘ona viloyatidan tomatlarning alohida partiyasida tomat mevasining jigarrang tirishiqi virusi (Tomato brown rugose fruit virus (ToBRFV) aniqlanganligi sababli cheklovlar joriy etilgan.

Shu bilan birga, ToBRFV o‘simliklar virusining yangi shtammi bo‘lgani uchun O‘zbekiston hududida ilgari aniqlanmagan. YEOII mamlakatlarida ham ushbu virusga nisbatan taqiq mavjud emas – Yevrosiyo Iqtisodiy komissiyasi Kengashining 2016 yil 30 noyabrdagi №158-sonli Qarori bilan tasdiqlangan karantin ob’ektlarining yagona ro‘yxatiga ToBRFV kiritilmagan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarda shu kabi viruslar paydo bo‘lishining oldini olish bo‘yicha tezkor ravishda chora-tadbirlar Kompleksi ishlab chiqilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, Rosselxoznadzor tomonidan joriy etilgan taqiqlar O‘zbekistonning barcha ishlab chiqaruvchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi va faqat Farg‘ona viloyatidan keltirilgan mahsulotlarga tegishlidir.

Rossiya tomoni bilan maslahatlashuvlar davom etmoqda. Taqiqlarni yaqin vaqtlarda bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Rossiya nima uchun Farg‘onadan pomidor va qalampir yetkazib berishga taqiq joriy etdi?