Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi qonun muhokama qilindi

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha Bitimiga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida milliy qonunchilikni xalqaro me’yorlarga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Qonun bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi qonundagi asosiy tushunchalar Xalqaro konvensiya doirasida tasdiqlangan fitosanitariya atamalari lug‘atiga muvofiqlashtirilmoqda. Shuningdek, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining vakolatlari kengaytirilib, xavflarni tahlil qilish, nazoratni avtomatlashtirish hamda zararsizlantirish usullarini ishlab chiqish kabi vazifalar yuklanmoqda.
Shu bilan birga, “Davlat boji to‘g‘risida” hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, yuridik shaxslarga fitosanitar zararsizlantirish faoliyati uchun litsenziya berish tartibi, davlat boji miqdori hamda qoidalarni buzganlik uchun jarimalar belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, fitosanitariya sohasini takomillashtirish hamda mahsulotlarning xalqaro savdoda to‘siqsiz aylanishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!