5 221
«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi: tadbirkorlarning bo‘yniga arqon, oyog‘iga kishanmi?
Foto: Depositphotos
Har qanday biznes rivoji samarali reklamaga bog‘liq ekani barchaga ma'lum. Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan «Reklama to‘g‘risida»gi qonun loyihasi hozirdanoq tadbirkorlarda katta xavotir uyg‘otmoqda. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga mas'ul bo‘lgan idoralar sukutda ekani bu qo‘rquvni ikki karra oshirmoqda.
Yangi qonun ommaviy axborot vositalari, ayniqsa telekanallar bugungi kunda olib turgan daromadning keskin kamayishiga, tadbirkorlar o‘z mahsulotlari va xizmatlarini realizatsiya qilishda jiddiy muammolar duch kelishiga olib kelishi mumkinligi, reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilayotgani esa huquq tizimimiz uchun nonsens ekani haqida yozgandik.
Maqolada ushbu qonunning qabul qilinishidan xavotirda bo‘lgan boshqa soha tadbirkorlarida kutiladigan muammolar haqida gapiramiz.
Reklama to‘g‘risidagi qonunning yangi loyihasida nafaqat dori-darmon va alkogolsiz ichimliklar, balki tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishda ham cheklovlar kuchaytirilmoqda. Bir tomondan, bu orqali iste'molchilarni ushbu turdagi mahsulotlardan, qaysidir ma'noda, himoya qilish niyati ko‘zlangan bo‘lsa, boshqa tomondan o‘z tovarlarini reklama qilish niyatida bo‘lgan soha vakillari faoliyatiga berilgan zarba ham bo‘ladi.
Bolalar va reklama
Yangi loyihaga (16-modda) ko‘ra, voyaga yetmaganlar tomonidan iste'mol qilinishi taqiqlangan mahsulotlarni iste'mol qilayotgan yoki ishlatayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish taqiqlanishi aytilgan. Ammo bu talab ham umumiy bo‘lib qolgan va noaniqliklar bilan to‘la.
Masalan, voyaga yetmaganlar (18 yoshga to‘lmagan) foydalanmasligi kerak bo‘lgan mahsulotlarning tasdiqlangan ro‘yxati yo‘q. Bunday ro‘yxat bo‘lmay turib, qaysi mahsulot bu kabi toifaga tushishini oldindan bilish imkonsiz.
Aynan mana shu band istalgancha talqin qilinib foydalanish mumkin bo‘lgan «lazeyka»lardan biri bo‘lib qolmoqda. Sababi bu yerda aynan qanday oziq-ovqat yoki ichimliklar «taqiqlangan» degan tasnifga mos kelishi aniq aytilmagan.
Shirinliklar savdosi ham xavf ostida
Tarkibida qand, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishga oid belgilanayotgan cheklov ham shu soha vakillarini tashvishga solib qo‘ygan. Loyihada bu kabi mahsulotlar reklamasiga ham qator cheklovlar kiritilishi nazarda tutilgan.
E'tiborlisi, amaldagi normativ hujjatlar orasida tarkibida qand, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ham topilmadi. Kun.uz diyetolog mutaxassislar yordamida bu kabi mahsulotlar nimalardan iborat ekaniga oydinlik kiritishga harakat qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, shirin ichimliklar, qadoqlangan meva sharbatlari, tayyor nonushtalar, qovurilgan taomlar, konditer mahsulotlari, xususan, pechene va tortlar, glyutensiz mahsulotlar, muzqaymoq, shokoladlar, ishlov berilgan go‘sht (kolbasa mahsulotlari), pishloq, yuqori kaloriyali kofe ichimliklari, shakar qo‘shilgan boshqa har qanday, kundalik iste'mol qilinadigan mahsulotlar reklama qilinishida qat'iy cheklovlar kiritilayotgan mahsulotlar turiga kiradi.
Qonun loyihasida berilgan taqiqlar talqinidan mavhumlik va noaniqliklar ufurib turadi.
Biz bunga qanchalik tayyormiz?
Reklama sohasini tartibga soluvchi qonunchilikning bu tarzda keskin normalar bilan «boyitilishi» mamlakatdagi tadbirkorlik va ishlab chiqarishning ahvoli, qolaversa, vakolatli organlarining moddiy-texnik bazasi tayyormi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi.
Masalan, sog‘liqni saqlash tizimi bu kabi zararli va zararsiz moddalarni tasniflashga qanchalik tayyor? Oddiy misol, tarkibida shakar, yog‘ yoki tuz miqdori qanchalik ko‘pligini aniqlovchi laboratoriyalar mavjudmi? Qanday asos bilan bu mahsulotda shakar, yog‘ yoki tuz kam yoxud ko‘p deyish mumkin? Kamlik va ko‘plikning chegarasi qancha bo‘ladi?
Ko‘rib turganingizdek, ma'lum bir qonunchilik normalariga yangi talablarni qo‘shishdan oldin, o‘sha talablarni belgilab beradigan tizimning o‘zini yaratish haqida o‘ylab ko‘rilishi, aynan xuddi shunday talablarni belgilovchi tizim yaratilganidan keyin sohada o‘zgarishlar qilishga, tartibga keltirishga urinsa to‘g‘riroq bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, so‘nggi vaqtlardagi qonun ijodkorligida sabablar va oqibatlari chuqur tahlil qilinmayapti. Tor doiradagi muayyan shaxslar yoki guruhlar manfaatlariga qaratilgan qat'iy normalar joriy etilayotgani ortidan davlat va jamiyatning umumiy manfaatlariga ko‘proq ziyon yetmoqda.
Davlat nazorati murvatlarining bu qadar qattiq buralishi ortidan zanjir reaksiyasi ishga tushadi – reklama beruvchi yoki reklama tarqatuvchi jazoga tortilgudek bo‘lsa, beixtiyor «qo‘l tormozi»ni ko‘taradi. Bu savdo-sotiq hajmini tushiradi. Savdo bo‘lmagan joyda tushum ham bo‘lmaydi, tushum yo‘q joyda davlat xazinasi soliq to‘lovlaridan mosuvo bo‘ladi. Xodimlar ish o‘rni va daromadidan ayriladi. Yakunda davlat ham tadbirkor ham daromaddan quruq qoladi. Daromad bo‘lmagan joyda kambag‘allik avj oladi. Kambag‘allik esa davlatning umumiy o‘sish sur'atlarini ortga tortaveradi.
Hali ham kech emas, qonun loyihasi Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik bosqichida. Demak, nimanidir o‘zgartirishga, tadbirkorlarni muqarrar tutqunlik (asta-sekinlik bilan yuz beradigan tanazzul)dan xalos etishga hali imkoniyat bor.
Bu borada tashabbus huquqiga ega, mamlakatda biznes muhiti va tadbirkorlik rivoji uchun bevosita mas'ul idora va tashkilotlar bor. Masalan, bu o‘rinda asosiy maydonga, asli kasbi shifokor bo‘lgan shaxs rahbarlik qiluvchi, so‘nggi vaqtlarda borligi jamoatchilikning yodidan ko‘tarilish arafasida turgan Savdo-sanoat palatasi yoki bo‘lmasa tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishda nisbatan faolroq bo‘lib turgan Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil chiqishi lozim.
Aynan ular tadbirkorlarning bo‘yniga arqon, oyog‘iga esa kishan bo‘ladigan reklama to‘g‘risidagi yangi qonun vaqt borida qayta ko‘rib chiqilishida tashabbus ko‘rsatishlariga umid qilish mantiqli bo‘ladi.
Avvalroq Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi parlamentda muhokama qilinayotgan shaklda qabul qilinsa, mamlakatning butun media bozori moliyaviy barqarorligiga tuzatib bo‘lmas darajada zarar yetishi to‘g‘risida bayonot bergan edi.
Mazkur fondning jamoatchilik kengashi raisi Komil Allamjonov ham qonun loyihasi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar OAVni moliyaviy jihatdan «o‘ldirishi» haqida gapirgandi.
Keyinroq «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov qonunlar ko‘rib chiqilishi jarayoni haqida tushuntirish berib, birinchi o‘qishda qonun loyihasi konseptual jihatdan ko‘rib chiqilishi, ikkinchi o‘qishda muhokama va ovoz berish moddama-modda o‘tkazilishi, qonunning ayni bir qismi soha rivojiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, ushbu moddani o‘zgartirish yoki butunlay chiqarib tashlash imkoniyati borligini aytdi.
Shuningdek, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov bu borada izoh berib, qonun loyihasiga «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi ham qator takliflar tayyorlayotgani, amaldagi tahrirga e'tirozlari borligini aytgandi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi