00:29 / 27.10.2021
2 610

Tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi ma’lum qilindi

Tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi ma’lum qilindi
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida islom moliyasining huquqiy asoslari qachon yaratilishi va tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi haqidagi savolga javob berdi.

«Bizda islom moliyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar boshlangan. 14 bankda islom moliyasi darchalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Ya’ni bunda islom moliyasi asosida kredit, depozitlar amalga oshiriladi», — deya uning so‘zlarini keltirgan O‘zA.

Markaziy bank raisining ta’kidlashicha, islom moliyasining ma’lum talabi bor.

«Aytaylik, men sizga islom tamoyillari asosida kredit berishim uchun sizga o‘sha beradigan resursni ham islom tamoyillari asosida jalb qilishim kerak. Ya’ni men foizga depozit jalb qilib, sizga islom tamoyillari asosida kredit bersam, siz olmasligingiz kerak. Chunki depozit jalb qilish ham islom tamoyiliga javob bermaydi. Bu borada biz, eng avvalo, islom moliyasi bo‘yicha savodxonlikni oshirish bo‘yicha ma’lum bir ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Islom moliyasini keng amalga oshirishga moliya kredit tashkilotlariga qonun doirasida ruxsat beryapmiz. Bunda, albatta, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ustida ishlayapmiz. Yana bir narsani ta’kidlash o‘rinli, islom moliyasini rivojlantirish uchun fatvo beradigan musulmon idorasi ham kerak ekan
», — degan Mamarizo Nurmurodov.

Markaziy bank raisining bildirishicha, bu bitta qaror bilan hal bo‘ladigan narsa emas, barcha huquqiy-me’yoriy hujjatlarini yaratib, bu narsaga erishish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev 2021 yilning boshlarida O‘zbekistonda islomiy moliya konsepsiyasini o‘z ichiga olgan qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Bunday taklifni Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 29 dekabr kuni parlamentga qilgan Murojaatnomasida aytib o‘tgan. Davlat rahbari Markaziy bankka moliya bozorida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, islomiy moliya mexanizmlarini joriy etish maqsadida huquqiy asos yaratish uchun 1 fevralgacha nobank kredit tashkilotlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergan.

2021 yilning sentabr oyi boshlarida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekistonda islom banki va moliyasi uchun normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish bo‘yicha Islom taraqqiyot banki bilan grant bitimi imzolanganini, uning natijasida O‘zbekistonda islom moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish imkoni yaratilishini ma’lum qilgandi.

Islom banki shariat tamoyillariga mos keladigan moliyaviy faoliyatdir. Islom bankining asosiy xarakteristikasi bu kredit miqdori va muddatiga qarab hisoblangan foizlar yoki stavkalarni olishni taqiqlash hisoblanadi. Ushbu taqiq musulmonlarning ijtimoiy adolat va tenglik to‘g‘risidagi qonunlari bilan izohlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi ma’lum qilindi