21:40 / 29.10.2021
2 161

Go‘sht, baliq va kartoshka QQSdan ozod qilindi. Narxlar tushishi mumkinmi?

Go‘sht, baliq va kartoshka QQSdan ozod qilindi. Narxlar tushishi mumkinmi?
Foto: Getty Images
2021 yil 10 oktabrdan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliq savdosi va importi QQSdan ozod qilindi.

Qonundan maqsad – ichki bozorda ushbu mahsulotlar narxini barqarorlashtirish. Xo‘sh, bu maqsadga erishilishini kutish mumkinmi?

Bu mahsulotlar narxi oshishi statistikasi qanday?
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik nisbatda mol go‘shti 13,8 foizga (o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 22,3 foiz bo‘lgan), qo‘y go‘shti 12,3 foizga (o‘tgan yili 26,8 foiz), baliq mahsulotlari esa 10,9 foizga qimmatlashgan. O‘tgan 2020 yilda kartoshka narxi 42 foizga oshgandi.

Yuqoridagi qonun aynan mavsumiy omillar sabab narxlari oshish ehtimoli yuqori bo‘lgan ushbu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash maqsadi bilan izohlanmoqda.

QQS imtiyozi ijobiy samara beradimi?
Endi vaziyatga boshqa tomondan qarab ko‘ramiz. Birinchidan, mahalliy ishlab chiqaruvchi yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlar bo‘yicha import tovar bilan kuchli raqobatga kirisha olmaydi. Sabab – narx va xomashyo muammosi. Chetdan ushbu mahsulotlarni import qiluvchilarga imtiyoz berilgan holda, mamlakat ichkarisida xuddi shu mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berilgani yo‘q.

Masalan, chorva yetishtiruvchi mahalliy fermer asosiy ozuqa mahsulotlarini (omixta yem, sheluxa va h.k.) avvalgi narxlarda xarid qilishni davom ettirishi, yil davomida sodir bo‘lgan qurg‘oqchilik natijasida yem-xashakning kamayishi ta’sirida, uning go‘sht yetishtirishga nisbatan rag‘bati kamayadi.

Natijada asosiy go‘sht mahsulotlari mamlakat ichkarisida yetishtiriladigan respublika miqyosida 82 kunlik imtiyozli davrda go‘sht sanoatiga pul tikishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy mahalliy investorlar o‘z mablag‘ini boshqa sohaga yo‘naltiradi. Bu esa imtiyozli davr tugaganidan keyin narxlar oshishiga olib kelishi mumkin.

Kun.uz bilan suhbatda iqtisodchi Behzod Hoshimov Argentinada yuz bergan bir vaziyatni misol tariqasida keltirgandi.

Argentinaning siyosiy boshqaruvchilari: “Go‘sht narxi ko‘tarilib ketdi, odamlarimiz qiynalyapti”, degan vaj bilan go‘sht eksportiga 40 yo 50 kunlik taqiq qo‘yishgandi. Keyin nima bo‘lgan? Albatta, go‘sht narxi tushgan. Minglab tonna go‘sht mahsulotlarini eksport qilayotgan mamlakatda cheklovlar o‘rnatilsa, o‘z-o‘zidan ichki bozorda mahsulot ko‘payib ketadi. Ammo buning natijasida, bir qancha vaqtdan keyin mamlakatda go‘sht keskin qimmatlashib, Argentina dunyodagi eng ko‘p go‘sht eksport qiluvchi mamlakatlar qatoridan chiqib ketgan. Buning sababi – rag‘batlar noto‘g‘ri qilib qo‘yilganida. Tadbirkorlar, investorlar doim potensial foyda nuqtayi nazaridan fikrlaydi. Agar davlat sun’iy tarzda nimaningdir narxini tushirsa, bu hammani qo‘rqitib qo‘yadi va o‘sha sohaga kirish risklari nihoyatda oshib ketadi. Oqibatda o‘sha mahsulot narxi qimmatligicha qolaveradi”, – degandi iqtisodchi.

Ikkinchidan, mamlakatga ushbu mahsulotlarni import qilishda kuchli raqobat muhiti mavjud emas. Bu esa imtiyozli davrda narxlar tushishiga sezilarli ta’sir qilmaydi.

Mahalliy ishlab chiqarish quvvati pasayib, iste’mol bozorida import ulushi oshganida raqobatchisi kam importchi tovarlar defitsitidan foydalanib, narxni oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘simlik yog‘i narxini barqaror saqlash maqsadida 2021 yil oxirigacha o‘simlik yog‘i qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etilgan, biroq bu yog‘ narxi pasayishiga olib kelmadi.

Iqtisodchilar nima deydi?
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, QQSning bekor qilinishidan narxlarning pasayishini kutish qiyin, lekin barqarorlashishi mumkin.
Qonun ijodkorlari bu bilan narxlari oshib borayotgan va inflyatsiyada katta o‘ringa ega mahsulotlar narxi o‘sishini tiyishga umid bog‘layotgan ko‘rinadi. O‘tgan oyda, masalan, kartoshka 7,8 foizga, tovuq go‘shti 2,8 foiz, mol va qo‘y go‘shti 1,8 foizgacha qimmatlagan edi. Narx oshishi tendensiyasi oktabrda ham davom etmoqda.

Albatta, ushbu mahsulotlarga mavsumiy o‘sib borayotgan va jamg‘arilayotgan talab sharoitida QQSning bekor qilinishidan narxlarning pasayishini kutish qiyin, lekin barqarorlashishi mumkin.

Bundan avvalroq o‘simlik yog‘i va kungaboqar urug‘i importi hamda ichki bozorda realizatsiyasiga ham 2021 yil 31 dekabrga qadar QQS bekor qilingan va bir muddat narxlar barqarorlashishi yuz bergan edi
”, deydi iqtisodchi.

Moliyachi mutaxassis Abdulla Abduqodirov esa so‘z ketayotgan mahsulotlarni soliqlardan butunlay ozod qilgan taqdirda ham narxlar tushmasligi va keyinchalik aksincha, yana oshishini ta’kidlamoqda.

“Aslida, ba’zi oziq-ovqat mahsulotlariga import qilinganda va mamlakat ichidagi savdoda QQS olmaslik tashabbusi ba’zi narsalardan aniq dalolat beradi:

Birinchidan, rasmiy iqtisodiy blok tomonidan shuncha katta olqishlar bilan 2019 yilda kiritilgan yangi soliq siyosati o‘zini to‘la oqlay olmadi va uni qayta ko‘rib chiqish kerak.

Ikkinchidan, ba’zi mahsulotlarni soliqlardan ozod qilish tajribasi, ayniqsa, bu qisqa muddatli bo‘lsa, bu iqtisodiyotning amal qilish omillarini butunlay tushunmaslik va ba’zi qo‘shtirnoq ichidagi odamlarning katta kontraktlarini o‘tkazib olish uchun qilingan ishlar haqidagi gumonlarga olib keladi.

Uchinchidan, mazkur qaror aynan shu mahsulotlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish omillari haqida tashabbuskorlarda yetarli ma’lumot yo‘qligidan dalolat beradi.

Oddiy bir misolda ko‘rsataman: 1 tonna ammiak o‘g‘itini ishlab chiqarish uchun taxminan 900 m3 tabiiy gaz ketadi. Endi tasavvur qiling, ana shu tabiiy gaz narxi 1000 m3 uchun 200 AQSH dollaridan 1800-2000 AQSH dollariga chiqib ketsa, ammiak o‘g‘itining narxi qanday bo‘ladi? Va u asosida ishlab chiqariladigan barcha qishloq xo‘jalik mollarining narxi qanday o‘zgaradi?

Ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxi oshishida soliqlarning deyarli ahamiyati yo‘q. Narx oshishi umumiy taklifning kamayishi, talabning COVID-19dan keyin keskin oshishi va yuk tashish xarajatlarining (vagonlarning narxi) keskin oshishi hisobiga yuz beryapti.

Demakki, soliqlardan butunlay ozod qilgan taqdirda ham narxlar tushmaydi va aksincha, o‘sib boraveradi, chunki yuqori narxlarda to‘lashga tayyor bo‘lgan talab taklifdan yuqori”, – deydi moliyachi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishga vaqtinchalik soliq imtiyozlari berish bozorda vaqtincha import mahsulotlar ustunligini oshiradi, mahalliy ishlab chiqaruvchilardagi rag‘batni kamaytiradi, bu esa imtiyozli davr tugaganidan keyin narxlar yana oshishiga olib kelishi mumkin.

Doston Ahrorov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Go‘sht, baliq va kartoshka QQSdan ozod qilindi. Narxlar tushishi mumkinmi?