Foto: Botir Qobilovning shaxsiy arxividan / Gazeta.uz
O‘zining emas, boshqalarning pulini sarflayotgan odam pulni tejashga harakat qilmaydi, deydi iqtisodchi Botir Qobilov soliq to‘lovchilarning pulini qayerga ishlatishni hal qilayotgan hokimlar haqida.
Farg‘ona viloyati hokimi 5 kg dan ortiq vazn tashlagan har bir odamga yo‘qotgan har bir kilogrammi uchun 500 ming so‘m va’da qildi. Andijon viloyati hokimi esa piyoda yurishga targ‘ib qilishda namuna bo‘lgan mahalla raislari va profilaktika inspektorlarini Dubayga sayohatga jo‘natishini aytdi.
Hokimlarning sessiyalarda yangragan bu bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi Botir Qobilov ham holatga munosabat bildirib, hokimlar soliq to‘lovchilarning pullarini ishlatayotganiga e’tibor qaratdi.
“Aslida davlatning puli degan tushuncha yo‘qligini qayta-qayta aytish kerak. Soliq to‘lovchilarning puli degan tushuncha bor. Shuning uchun bu davlatning puliga kelgan, davlat to‘lab qo‘ygan, davlatning hisobiga qilingan, degan gaplarga tuzatish kiritib, pullar soliq to‘lovchilarniki ekanligini eslab ketish zarar qilmaydi. Shu bilan birga, mamlakatdagi hech narsa bepul emas va tekinga kelmagan.
Xullas, pulni sarflashning 4 yo‘li bor:
1. O‘zingizning pulingizni o‘zingiz uchun sarflaysiz. Masalan, o‘qishga to‘laysiz, kiyim olasiz.
2. O‘zingizning pulingizni boshqalar uchun sarflaysiz. Masalan, do‘stingizga sovg‘a olasiz.
3. Boshqalarning pulini o‘zingizga sarflaysiz. Masalan, korxona korporativ kartochkasiga ovqatlanasiz (yaxshilab).
4. Boshqalarning pulini boshqalarga sarflaysiz.
Birinchi va ikkinchi holatlarda siz pulni tejashga harakat qilasiz. Lekin, o‘z pulingizni o‘zingizga sarflasangiz qiymat/qaytimni ko‘paytirishga harakat qilasiz. Biroq, boshqalarga sarflasangiz qiymat haqida nisbatan kamroq qayg‘urasiz.
Uchinchi va to‘rtinchi holatlarda esa siz aksincha, pulni tejashga harakat qilmaysiz. Uchinchisida sizda o‘zingizga qiymatni maksimal darajada ko‘paytirishga moyillik bor. Biroq, to‘rtinchisida, ya’ni birovning pulini birovga sarflashda sizda pulni tejashga ham, qiymatni oshirishga ham rag‘bat yo‘q.
Buni nega yozyapman? Siyosatchilar, ijro hokimiyati vakillari va ayniqsa saylanmagan hokimlar aynan to‘rtinchi guruhga mansub hisoblanadi (ba’zida uchinchisiga ham mansub, deyishingiz mumkin, lekin bu boshqa mavzu). Ular yig‘ilgan soliq to‘lovchilarning pullarini sarflaydi; kimga, qayerga, necha pul degan qarorlarni qabul qiladi (bunday qarorlarni qabul qilish faqat parlamentda bo‘lishi kerak aslida, ijro hokimiyati yoki hokimlarda emas).
Xullas, ularning ustidan nazorat, hisobdorlik, shaffoflik bo‘lmasa, ularda pulga bo‘lgan qaytimni maksimallashtirishga rag‘bat o‘zidan o‘zi paydo bo‘lmaydi. Oqibatda bu budjet, ya’ni soliq to‘lovchilarning pullari samarali ishlatilmasligiga olib keladi. Natijada bir amaldor ikkinchisiga sizga Ferrari olib beramiz, boshqasi esa sizlarni Dubayga ta’tilga yuboramiz deydi yoki boshqasida tilladan 100 metrlik haykal o‘rnatish xayollari paydo bo‘laveradi.
AQSHlik bir kongressmen aytgan ekan: “Bir biridan farqli uch toifadagi odamlar – yosh bolalar, o‘g‘rilar va siyosatchilar – uchalasi ham boshqa odamlarning pullarini sarflaydilar. Shuning uchun uchalasining ustidan nazorat kerak”.
Uzoq orzudagi emas, balki oddiy va normal O‘zbekistonda parlamentning kuchi ijro hokimiyatinikidan ko‘ra amalda kattaroq bo‘ladi, deb umid qilamiz, xuddi qonunda belgilanganidek. Deputatlar xalq vakili bo‘lsa, ijro hokimiyati bu ijrochi. Aslida mamlakatdagi har bir insonning hayotiga ta’sir etish nuqtayi nazaridan parlamentning faoliyati va deputatlarning qarorlari ijro hokimiyatinikidan ko‘ra ancha muhimroq bo‘lishi kerak. Davlat xarajatlari haqidagi qarorlar esa shu parlament doirasida qabul qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim qarorlardandir”, deydi Botir Qobilov.
Boshqa bir iqtisodchi Otabek Bakirov ham hamkasbining fikrlarini qo‘llab-quvvatladi.
“Millat farovonligining ibtidosi Parlament tuzishdan boshlanadi”, deya yozdi u. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)