15:23 / 11.01.2022
1 293

Yog‘, go‘sht va kartoshka importiga berilgan soliq imtiyozi muddati uzaytiriladi

Yog‘, go‘sht va kartoshka importiga berilgan soliq imtiyozi muddati uzaytiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 30 aprelida Shavkat Mirziyoyev Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Hujjatda bir qator oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi nazarda tutilgan.

Natijada O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish, o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.

2021 yilning dekabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ushbu imtiyozlar muddati yana 4 oyga uzaytirilishi mumkinligini ma’lum qilgandi. 23 dekabr kuni parlamentga hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olingan.

«O‘ylaymanki, hukumat tomonidan ko‘rilayotgan ushbu fiskal choralar bozorlarimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholini ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishga xizmat qiladi», — degan edi deputat.

Demak, ushbu qonun loyihasiga asosan 2022 yil 30 aprelga qadar bo‘lgan davrda quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
  • O‘zbekiston hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
  • go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish.

Rasul Kusherbayevning ta’kidlashicha, ushbu qonunni qabul qilish davlat budjetining 800 milliard so‘m atrofida daromadlari yo‘qolishiga olib keladi. Yo‘qotilgan summani soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, shuningdek, alohida imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hisobiga qoplash ko‘zda tutilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Yog‘, go‘sht va kartoshka importiga berilgan soliq imtiyozi muddati uzaytiriladi