19:19 / 16.05.2022
1 338

AQSH elchisi O‘zbekistondagi eski davrlarni aks ettiruvchi muammolar haqida gapirdi

AQSH elchisi O‘zbekistondagi eski davrlarni aks ettiruvchi muammolar haqida gapirdi
Foto: Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi bir qator muammolar mavjud. Bu haqda 16 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Deklaratsiyalar muloqoti» xalqaro forumida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblyum aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

Forum ochilishida nutq so‘zlagan AQSH elchisining aytishicha, O‘zbekistonda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar bilan birga ayrim muammolar bor.

«Albatta, AQSHda ham dinlararo munosabatlarni tartibga solishda kamchiliklar bor. Ammo hozir O‘zbekistondagi vaziyat bo‘yicha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Mamlakatda so‘nggi 5 yilda diniy sohada ko‘p islohotlar qilindi. Ularni e’tirof etish kerak. Misol uchun, respublikaning maxsus diniy cheklovlar mavjud davlatlar xalqaro ro‘yxatidan olib tashlangani katta natijalardan biri. Ko‘plab diniy va siyosiy mahbuslar ozod qilingani, kichik diniy guruhlarga reydlar olib borish to‘xtatilgani yaxshi ko‘rsatkich. AQSH bu ishlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq O‘zbekistonda eski davrlarni aks ettiruvchi muammolar ham borligi odamni tashvishga soladi. Masalan, fuqarolarni ekstremistik materiallar saqlagani uchun qamash masalasi. Yaqinda bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev shunday ayblov bilan 7 yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. Insonlarda o‘z dinlariga erkin rioya qilish imkoniyati bo‘lishi kerak.

Yana bir muammo — diniy tashkilotni ro‘yxatga olishda to‘siqlar mavjudligi va jarayon o‘ta murakkabligi. Bu xalqaro qonunlarga zid keladi. Shuningdek, politsiya tomonidan soqol qo‘yganlar soqolini majburlab olib tashlanishi muammosi. Bu boradagi harakatlardan Amerika xursand emas. Men so‘zlarimni do‘st sifatida aytyapman. To‘g‘ri, mamlakatda 2016 yildan beri ko‘p islohotlar qilindi. Lekin ba’zi narsalar orqaga ketayotgandek tuyulmoqda. Biz yanada inklyuziv jamiyat sari intilishimiz kerak
», — dedi AQSH elchisi.

Avvalroq Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev dinlar, madaniyatlararo bag‘rikenglikni ta’minlash muhim vazifa ekanini ta’kidlagandi.

«Yana va yana takrorlashdan toymasligimiz kerak: terrorizm, tajovuzkor ekstremizmni muayyan bir din bilan bog‘lash zinhor va zinhor mumkin emas. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, diniy e’tiqod radikal oqimlarga qo‘shilishning asosiy omili emas», — degandi Senat rasmiysi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSH elchisi O‘zbekistondagi eski davrlarni aks ettiruvchi muammolar haqida gapirdi