21:00 / 21.08.2022
1 689

Andijonda yana bir tadbirkor o‘z joniga qasd qildi

Andijonda yana bir tadbirkor o‘z joniga qasd qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda andijonlik tadbirkor o‘zi qurayotgan sportzalda o‘zini osib o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, marhum «Takomil qurilish servis» MCHJ rahbari bo‘lgan. Tuman hokimi va prokurori bir kun oldingi majlisda uni 250-300 kishi ichida nafsoniyatiga tegib, so‘kib haqorat qilganini ko‘tara olmagan. Holat yuzasidan viloyat hokimligi ma’lumot berdi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar jarayonida, tuman hokimligida 200-300 kishilik yig‘ilish o‘tkazilmagani, shuningdek, tadbirkorga hech kim, na prokuror na hokim tazyiq o‘tkazmagani aniqlandi.

Bundan tashqari, tadbirkorga qurilishi olib borilayotgan loyiha qiymatining 85 foizi miqdorida mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, tadbirkor 250 million so‘m mablag‘ini amaliy ko‘mak sifatida so‘ragan bo‘lib, uning murojaatiga javoban viloyat hokimining topshirig‘iga binoan tadbirkorga qo‘shimcha 350 million, jami 600 million so‘m mablag‘ ajratilish masalasi belgilangan tartibda Xalq deputatlari kengashiga 10 kunlik muhokama uchun qo‘yilgan.

O‘rganishlar mobaynida «Takomil qurilish servis» rahbarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar kelib chiqmoqda.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Ulug‘nor tumani, «Bobur» MFYda yashagan ushbu fuqaro V.A. 20 avgust kuni Jalaquduq tumanidagi 29-sonli maktab sport zalida o‘zini osib, o‘z joniga qasd qilgan. Marhumning tanasi sud-tibbiy ekspertizasi byurosi ekspertlari ishtirokida ko‘zdan kechirilganida uning badanida bo‘ynidagi osilishdan qolgan strangulyatsion egat ko‘rinishidagi izlardan tashqari biror-bir tan jarohatlari aniqlanmagan.

Hozirda uning o‘z joniga qasd qilgani sabablarini aniqlash yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Xabarda aytilishicha, tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyun kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida «Bo‘z Iqbol chorvasi» MCHJ rahbari «Buyuk turon chorvasi» fermer xo‘jaligi dala maydonidagi daraxtga arqon bilan o‘zini osib, vafot etgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonda yana bir tadbirkor o‘z joniga qasd qildi