date
views 105

O‘zbekiston va AQSH tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishni muhokama qildi

O‘zbekiston va AQSH tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishni muhokama qildi
Foto: SSV matbuot xizmati
Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.
 
Qayd etilishicha, muloqot davomida AQSH bilan hamkorlikda tibbiyot sohasida yangi loyihalarni moliyalashtirish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgan.
 
Xususan, O‘zbekistonda farmakopeyani rivojlantirish va referens laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha grant mablag‘lari 2023 yil Sog‘liqni saqlash vazirligi va AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) o‘rtasida imzolanadigan maqsadli kelishuvlar doirasida ajratilishi aytib o‘tilgan.
 
Shu bilan birga, AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) bilan gepatit kasalligini kamaytirish, xastalikning A, B, C turlariga qarshi birgalikdagi harakatlarni ko‘zda tutadigan loyihalarni moliyalashtirish va grant mablag‘larini ajratishga ham kelishib olingan.
 
Uchrashuvda vazir Amrillo Inoyatov va elchi Jonatan Xenik o‘rtasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, kadrlar almashish va tibbiy ta’lim sohasida grant mablag‘larini ajratish istiqbollari atroflicha muhokama qilingan. Yakunda shu yil mamlakatda O‘zbekiston—AQSH xalqaro tibbiyot forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
 
2022 yil mart oyida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan so‘nggi olti oy davomida O‘zbekistonga umumiy qiymati qariyb 700 ming dollarga teng tuberkulyozni tezkor diagnostika qilishga mo‘ljallangan GeneXpert tizimlari beg‘araz taqdim etilgani ma’lum bo‘lgandi.
 
2023—2026 yillarda dori va sarflov vositalari, tibbiy texnika, mutaxassislar tayyorlash va innovatsion ilmiy izlanishlarga davlat budjetidan 33 million, xalqaro donorlar hisobidan esa 26,5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va AQSH tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishni muhokama qildi