Kecha, 5 avgust kuni Qashqadaryo viloyatida tojikistonlik haydovchilar boshqaruvida bo‘lgan «DAF» rusumli yuk mashinasi daryoga tushib ketdi. Bu haqda Qashqadaryo FVB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 5 avgust kuni soat taxminan 17:40 larda G‘uzor tumani «Obi-hayot» MFY Pachkamar qishlog‘i hududidan o‘tuvchi «Termez-Toshkent» M-39 avtomobil yo‘lining 1249 kilometrida «DAF» rusumli yuk mashinasi ehtiyotsizligi oqibatida boshqaruvni yo‘qotib, «G‘uzor daryosiga» tushib ketgan.
Natijada 2 nafar Tojikiston Respublikasi fuqarolari turli darajadagi tan jarohati olib, yuk mashinasida qisilib qolgan.
Kelib tushgan xabarga ko‘ra, G‘uzor tuman FVB dan qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 17:55 larda yetib borgan. Qutqatuvchilarning sa’y harakatlari va mahalliy fuqarolarning ko‘magida 2 nafar fuqaro qutqarib olinib, tuman Tibbiyot birlashmasiga yuborildi. Hozirda fuqarolar shifokorlar nazoratida.
Hozirda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring