Foto: uzbektourism.uz
Joriy yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan zilzilada jabr ko‘rgan yoshi ulug‘ insonlarning bir guruhi uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohat tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tadbir jarayonlariga 30 kishidan iborat turkiyaliklar guruhi jalb etilgan.
18 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Turkiya delegatsiyasi vakillari Turizm qo‘mitasi mutasaddilari, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, «Nuroniy» jamg‘armasi, Hunarmand uyushmasi rahbariyati tomonidan kutib olindi. Mehmonlar shu kunning o‘zida Toshkent shahrida Hazrati Imom va Suzuk ota majmualarini ziyorat qildi.
«Zilzila dahshatlari bizning qalbimizda o‘chirib bo‘lmas dog‘ qoldirdi. Ofat oilamdan 7 kishini – turmush o‘rtog‘im, ikki o‘g‘lim, bir qizim, qaynonam, qaynotam va amakimni olib ketdi. Oilamdan yolg‘iz o‘zim qoldim. Boshimdan kechirganlarimni so‘zlar bilan ifodalab bera olmayman. Uysiz va yolg‘iz qolish dahshat edi. Psixolog yordami va reabilitatsiya uchun muolajalar oldim. Hech qaysisi inson mehriga teng kelmaydi.
Qardosh O‘zbekistonning qutqaruv guruhi birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini uzatdi. O‘zbekistonga sayohat esa, qayg‘umizni aritish uchun eng sevimli taklif edi. Ota yurtimizga sayohat, ma’naviy merosimiz beshigi bo‘lgan joylarni ziyorat qilish qalbimizni yoritish va ruhimizni yangilashga xizmat qilishiga shubham yo‘q. Qardosh o‘zbek xalqidan qancha minnatdor bo‘lsak, shuncha oz», - deb o‘z fikrini bildirdi sayohatchilardan biri Emine Aksu.
Sayohatchilar 7 kun davomida mamlakatning turizmi rivojlangan hududlari: Toshkent, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga sayohat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!