11:30 / 10.10.2024
126

Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi

Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda paxta yigʻim-terimiga chiqmagan fuqarolarga nafaqa puli toʻlanmasligi hamda maktab oʻqituvchilarining paxta yigʻim-terimi ishlariga odam chiqarishga majburlash boʻlayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Senat ushbu holatga munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, tarqalgan xabarlardagi holatlar Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olingan.

Mazkur holatlar zudlik bilan oʻrganiladi hamda mas'ullarning faoliyatiga huquqiy baho berilishi ta'minlanadi.

Shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda 1282 yoki 1092 qisqa raqamlariga yoki @munosibmehnat_bot telegram boti orqali murojaat qilishingiz mumkin
”, deyiladi Senat munosabatida.

Avvalroq X tarmogʻi foydalanuvchilaridan biri pedagoglarga (qaerda, qaysi maktabda ekani ochiqlanmagan) paxta terimi uchun har kuni 2 kishidan odam topib berish majburiyati qoʻyilayotganini ma'lum qilgandi. Tarmoq foydalanuvchilari izohlarda Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida oʻqituvchilar shunday vazifasidan tashqari ishga jalb qilinayotganini yozgan.

Rost24 nashri esa Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birining raisi ekani aytilgan shaxsning audiosini tarqatdi. Audiodagi ovoz egasi “hurmatli qishloqdoshlari”ga murojaat qilib, hammadan “toʻgʻri tushungan holda paxtaga chiqishi”ni talab qilgan. Chiqmaganlarga esa “bola puli” berish toʻxtatilishiga shama qilingan.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi majburiy mehnatning har qanday shakliga qat'iy qarshi ekani, oʻqituvchilarning paxta terimiga jalb etilishini noqonuniy holat deb hisoblashini ma'lum qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat