date
views 210

Oʻzbekistonda “suyunchi puli” miqdori oshgani ma'lum boʻldi

Oʻzbekistonda “suyunchi puli” miqdori oshgani ma'lum boʻldi
Joriy yil 1 oktyabrdan farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli (“suyunchi puli”) miqdori oshirilgan. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Oktyabrdan Oʻzbekistonda farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli 738 150 soʻmdan 811 965 soʻmga oshirildi. Bu eng kam ish haqi miqdori koʻtarilgani bilan bogʻliq. Ya'ni 1 oktyabrdan mamlakatda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1 155 000 soʻm etib belgilangan. “Suyunchi puli” miqdori shundan 70,3 foizini tashkil etadi.

2024 yil 1 apreldan farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun barcha ayollarga toʻlanmoqda. Ikkinchi farzand uchun esa bola tugʻilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a'zosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.

Sentyabr oyida respublikada nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilgandi. Ular oyiga quyidagi miqdorlarda toʻlanmoqda:
  • Yoshga doir nafaqa — 745 000 soʻm;
  • I guruh nogironlik nafaqasi — 1 027 000 soʻm;
  • II guruh nogironlik nafaqasi — 920 000 soʻm;
  • Nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalar nafaqasi — 920 000 soʻm;
  • Parvarishlash nafaqasi miqdori — 745 000 soʻm;
  • Boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun nafaqa miqdori — 745 000 soʻm. Keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a'zosi uchun — 244 000 soʻmdan qoʻshiladi;
  • Dafn etish nafaqasi — 1 712 000 soʻm.

Ma'lumot uchun, 2024 yilning I yarmida respublikada ijtimoiy nafaqalar uchun jami 7,7 trillion soʻm toʻlab berilgan. Shundan 55,5 foizi bolalar nafaqasi va moddiy yordam, 40,2 foizi ijtimoiy nafaqalar uchun (yoshga doir, nogironlik, 18 yoshgacha nogironlik, parvarishlash va boquvchisini yoʻqotganlik) ajratilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda “suyunchi puli” miqdori oshgani ma'lum boʻldi