Navoiy viloyatida 2 yoshga to‘lmagan qizini pechda kuydirgan onaga nisbatan sud hukmi o‘qildi

Navoiy viloyatining Karmana tumanida 2 yoshga ham to‘lmagan qizini qizib turgan pechga bosgan 23 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi. Ayol bu ishni farzandini "tartibga o‘rgatish" maqsadida qilganini bildirgan.
Mudhish voqea joriy yilning 19 yanvarida yuz bergan. 2024 yilda tug‘ilgan qiz bog‘chaga qatnagan va ich kiyimiga hojatini chiqarib qo‘ygani uchun tarbiyachilar bu haqda onasiga bir necha bor aytgan.
Shundan so‘ng ona ovsini bilan maslahatlashgan. U esa "issiq narsa tegizilsa, bu odat yo‘qoladi" degan noto‘g‘ri maslahat bergan.
Ayol ushbu gapga ishonib, qizini hammomga olib kirgan va uning tanasini qizib turgan pech karnayiga bosgan. Qiz jarohatlanganidan keyin uni shifokorga olib borishmagan. Oiladagilar bolani uy sharoitida davolashga uringan.
Voqea esa taxminan 5 oy o‘tib, iyun oyida oshkor bo‘lgan. Oiladagi kelishmovchilik sabab qaynona mahalla faollari va IIB xodimlarini chaqirgan. Shikoyat jarayonida u nabirasining jarohatlari aks etgan suratlarni huquq-tartibot organlariga taqdim etgan.
Sud majlisida ayol qilmishidan pushaymonligini bildirgan va bolani qiynash maqsadi bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi uning aybiga iqrorligi, yoshligi va ilgari sudlanmaganini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 110-moddasi tegishli bandlari bilan aybli deb topgan.































Izohlar 0
…