14:45 / 05.01.2025
38

Daydi odam qanday qilib restoran egasiga aylandi?

Daydi odam qanday qilib restoran egasiga aylandi?
Bir kuni ertalab kabinetimga kotibam kirdi va qandaydir bir uysiz odam men bilan uchrashish uchun kelganini, bu nihoyatda zarur ekanligini aytdi. Dastavval men vaqtni tejash maqsadida ozgina buterbrod eb, bir chashka qahva ichmoqchi boʻldim, ammo keyin nimadir bu odamni qabul qilishni menga uqtirganday tuyuldi...

Men judayam isqirt kiyingan kishini avval hech qachon koʻrmagan edim. Bu odamning soqoli bir haftadan buyon olinmagan, kiyimlari esa shunchalik gʻijim ediki, xuddiki uni bir toʻda latta orasidan sugʻurib olgan, deb oʻylardingiz.

– Mening turqimni koʻrib, hayratga tushganingiz uchun sizni ayblay olmayman, ─ deb gap boshladi bu odam. ─ Faqat toʻgʻri tushunsengiz bas. Men sizning huzuringizga pul soʻrab kelganim yoʻq. Hayotimni saqlab qolish uchun yordam berishingizni iltimos qilgani keldim, xolos.

Notanish erkakning gaplari hayron qolarli edi.

– Hayotimdagi noxushliklar bir yil muqaddam xotinim bilan ajrashganimdan soʻng boshlandi, – deb davom etdi u. – Hammasi boshqacha kechib, vaziyat menga qarshi turib qoldi. Men, eng avvalo, biznesimdan mahrum boʻldim. Endi esa sogʻligʻimni yoʻqotyapman. Oʻzimni oʻldirishga ahd qildim. Ammo daryoga tashlamoqchi boʻlganimda meni politsiyachi tutib oldi. Soʻng sizning huzuringizga borishimni taklif qildi. U ikki yoʻldan birini tanlashni: yoki sizning huzuringizga borishni, yoki qamoqqa joʻnashim kerakligini aytdi. Hozir bu politsiyachi tashqarida kutib turibdi. Men unga bergan va'damni bajaramanmi-yoʻqmi, shunga shaxsan guvoh boʻlmoqchi.

Bu odamning gapirish ohangi va koʻrinishi yaxshigina ma'lumot olganini anglatib turardi. Men unga bir nechta savol berdim. Ayon boʻldiki, u Chikagodagi mashhur restoranlardan birining egasi boʻlgan ekan. Esimga tushdi: bu restoran kimoshdi savdosiga qoʻyilganini yangiliklardan koʻrib qolgan edim.

Shundan soʻng kotibamdan mehmonga nonushta berishini soʻradim, chunki u ikki kundan beri hech nima emagan edi.

Nonushta tayyor boʻlgunga qadar notanish erkak menga butun hayotini gapirib berdi. U biror marta boʻlsin, oʻzidan boshqalarni ayblamadi, ogʻir ahvolga tushishiga hech kimni sababchi qilib koʻrsatmadi. Bularning bari esa menga uning foydasini koʻzlab, qay tarzda yordam berishim mumkinligini shipshiganday boʻldi.

U nonushtasini eb tugatganidan soʻng men gap boshladim.

– Doʻstim, ─ dedim bu odamga, ─ men boshingizdan oʻtgan voqealarni diqqat bilan eshitdim va u chuqur taassurot qoldirdi. Ayniqsa, oʻzingizni oqlashga urinmaganingiz va hozirgi ahvolingiz uchun zimmangizdan mas'uliyatni soqit qilmaganingiz menga qattiq ta'sir qildi. Yana shunisi borki, siz sobiq xotiningizni ham ayblamadingiz, bu meni yanada taajjubga soldi. Siz u haqida, hatto hurmat bilan gapirdingiz va bu maqtovga sazovor.

Kaminaning gaplarimdan soʻng erkakning kayfiyati bir oz koʻtarildi. Endi koʻzlagan harakat rejamni unga ma'lum qilish fursati etgan edi. Men oʻzim hisob-kitob qilgan, aynan kelgusidagi rejalarni oʻz ichiga olgan usulni qoʻlladim.

– Siz huzurimga yordam soʻrab keldingiz, ─ deb gapimni davom ettirdim men. ─ Ammo hammasini eshitib, afsus bilan aytishim kerakki, men siz uchun hech narsa qila olmayman! Biroq sizga yordam berishi mumkin boʻlgan bir kishini aniq bilaman. Agar istasa, oʻsha odam koʻmaklashadi. Hozir u shu binoning ichida turibdi, xohlasangiz, men sizga tanishtiraman.

Shundan soʻng bu odamning qoʻlidan tutib, oʻzimning eng yaxshi xonalarimdan biriga boshladim va uzun parda qarshisida turishini soʻradim. Men pardani ochganimda, u oʻzini bor boʻyicha oynada koʻrdi.

Koʻzguda koʻringan erkakka qoʻlimni nuqib, shunday dedim:

– Sizga yordam bermoqchi boʻlgan odam mana shu! Siz u bilan tanishmay turib, unga quloq solmasdan hozirgi ahvolingizdan mutlaqo qutula olmaysiz, bu ishni bajaradigan yagona odam – mana shu!..

Erkak oynaga yaqinlashdi, oʻzining aksiga diqqat bilan tikildi. Soqoli qirtishlanmagan yuzini siladi, soʻng menga burilib shunday dedi:

– Siz nimani nazarda tutganingizni tushundim. Xudo xayringizni bersin, siz meni tinchlantirishga urinmadingiz.

Shu soʻzlarni aytib u ketdi va men deyarli ikki yil davomida hech nima eshitmadim.

Ancha vaqt oʻtib, bu odamni idoramda koʻrib qoldim. U butunlay oʻzgarib ketgan edi. Men, hatto dastlab tanimadim. Oʻzining aytishicha, Qutqaruv Armiyasi unga kerakli kiyim-kechak topib berib yordamlashibdi. Shundan soʻng u ilgari oʻzi egalik qilgan restoranga oʻxshagan emakxonaga ishga joylashibdi, bosh ofitsiant boʻlib xizmat qilibdi. Bir kuni esa tasodifan eski doʻstini uchratib qolibdi. Dardini eshitgan bu oshnasi unga pul qarz berib, oʻz ishini boshlashiga koʻmaklashibdi.

Hozir bu odam Chikagodagi eng gullab-yashnagan restoranlardan birining sohibi hisoblanadi. U etarli darajada boy-badavlat, ammo eng katta boyligi – oʻz aqlini qayta kashf qilganida! Bu odam oʻz tafakkuridan Oliy aql bilan aloqa oʻrnatishda foydalanib, oʻziga jalb etgan va maqsadi sari astoydil harakat qilgan edi.

Shunday ekan, koʻzguga – oʻzingizga boqing!

(Napoleon Xill kitobidan)

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Daydi odam qanday qilib restoran egasiga aylandi?