Olmazor IIB amaldori "daydi topish" topshirig‘i sabab lavozimidan ketdi

Foto: Videodan kadr
Toshkent shahri Olmazor tumani Ichki ishlar bo‘limi amaldori Abror Xudoyberdiyev profilaktika inspektorlariga ko‘chadagi daydi shaxslarni aniqlab, ularga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq bergani uchun lavozimidan ozod etildi.
Bu haqda 11 aprel kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Ramazon Ashropov maʼlum qildi. Uning aytishicha, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasiga ko‘ra, mazkur amaldor o‘z lavozimidan olingan.
Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda uning profilaktika inspektorlariga “300 ta maʼmuriy bayonnoma tuzish” rejasini belgilab bergani hamda barcha xodimlarga ko‘chaga chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergani aks etgan audioyozuv tarqalgan va bu katta muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, audioda ayrim holatlarda xodimlar topilmagan daydilar o‘rniga ularning qarindoshlari yoki boshqa shaxslarni “daydi sifatida rasmiylashtirish” haqida ham gapirilgani qayd etilgan. Bu esa jamoatchilikda keskin norozilik uyg‘otgan.
Hozirda holat yuzasidan xizmat tekshiruvi yakunlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!