14 yoshga to‘lmagan bolalarga jinsiy jinoyat uchun umrbod qamoq

O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirilmoqda. Oliy Majlis Senati 2 oktyabr kuni tegishli qonunni ma’qulladi.
Qonunga ko‘ra, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi qo‘llanilmaydi.
Yangi tartibda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish ham belgilanmoqda. Bolani so‘roq qilish jarayonini videoyozuvga qayd etish va uni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi bilan yuzlashtirishga oid maxsus qoidalar ham joriy etiladi.
Bundan tashqari, bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan ta’lim va tarbiya muassasalari xodimlarining mehnat shartnomasini bekor qilish hamda ularning kelgusida bolalar bilan ishlashini cheklash nazarda tutilmoqda.
Senat ma’qullagan qonun Prezidentga imzolash uchun yuborildi.






























Izohlar 0
…