22:15 / 14.01.2025
537

Ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hayot: “Hech bir sababsiz xasta boʻlayotganlar bor”

Ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hayot: “Hech bir sababsiz xasta boʻlayotganlar bor”
Kuchli stress, moddiy yoʻqotish yoki ogʻir judolik koʻp hollarda ruhiy holatning buzilishiga olib keladi. Ammo ruhiy xastalarning yarmida kasallikning kelib chiqish sababi noma'lum. Davolanayotganlar orasida oʻziga toʻq, oilasida muammosi yoʻq va hatto ilmiy ish qilayotgan olimlar ham bor, deya hikoya qiladi ruhiy asab kasalliklari shifoxonasi shifokori.

Odamlar ruhiy kasalliklar shifoxonasini birmuncha qoʻrqinchli joy sifatida tasavvur qilishadi. U erda davolanib qaytganlar esa jamiyatdan uzib qoʻyiladi. Negaki, koʻpincha filmlar va boshqa mediakontentlarda ruhiy kasalliklarga chalingan bemorlar xavfli inson sifatida tasvirlanadi. Ammo ularning barchasini ham bunaqa deya olmaymiz.

Aslida ruhiy nosogʻlomlik oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilinsa va tibbiy muolaja olinsa tuzalib ketishi mumkin boʻlgan xastalikning bir turidir: Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yoʻnalishi Toshkent shahar filialida shifokorlar va bemorlar bilan suhbatlashib, bunga yana bir bor amin boʻldik, deb yozadi Kun.uz nashri.

“Bugun olib ketib, ertasiga tashlab ketadiganlar bor”

Ruhiy kasalliklar shifoxonasi deyilganda, odamlarda ozgina choʻchish boʻladi. Bu bir umrga qandaydir tamgʻa, qarindoshlar orasida qandaydir kamsitilish yoki oilani ajratib qoʻyish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bizning tilimizda bu “sigma” deyiladi, ya'ni oʻsha shaxsga nisbatan qandaydir chegaralar qoʻyiladi. Aslida bu notoʻgʻri, chunki ruhiy kasalliklar har qanday oddiy kasalliklar bilan oʻxshash. Bu kasallik hammada boʻlishi mumkin.

Hozirgi kunda zamonning shiddat bilan rivojlanib ketishi va oʻzgarishlarga moslashish insonga qiyinchiliklar tugʻdirmoqda. Bu esa koʻp hollarda ruhiy xastalikka sabab boʻladi. Shuning oqibatida turli xil ketma-ket stresslar, har xil kasalliklar va “travma”lar oqibatida har qanday odam bu kasallikdan himoyalanmagan deb oʻylayman. Koʻp narsa fuqarolarning bilim darajasi va tushunchalariga bogʻliq. Ayrim oilalar birinchi qoʻngʻiroqdayoq harakatga tushadi.

Masalan, bolalarni oladigan boʻlsak, oʻqituvchisi bilan gaplashadi, maktab psixologi va atrofdagilarning oʻzgarishini sezib, hamma birdek harakat qilsa, oldini olish mumkin. Ayrim oilalarda esa yuqorida aytib oʻtilganidek, orqaga surish, yaxshi boʻladi deb oʻtkazib yuborish holatlari koʻp boʻladi
”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yoʻnalishi boʻyicha Toshkent shahar filiali boʻlim boshligʻi Osiyoxon Qosimova.

Psixiatrning aytishicha, davolash muddati holatiga qarab oʻrtacha bir yarim oy davom etadi. Barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Chunki ruhiy kasalliklar boshqalariga qaraganda noodatiy xatti-harakatlari, turli xil gap-soʻzlari, hattoki hujum qilish holatlari bilan farq qiladi. Ular nafaqat atrofdagilarga, balki oʻzlariga ham tashlanib qoladi.

“Ayrim ruhiy kasalliklar nasldan naslga oʻtib ketishi mumkin”

Bizning boʻlimda tugʻma kasallar soni koʻp emas, qariyb 2 foiz. Qolgani hayot yoʻlida orttirilgan. Ular orasida ayrim kasalliklar nasldan naslga oʻtib kelishi mumkin. Eng muhimi stressga chidamlilik. Yoʻqotishlarni odamlar har xil koʻtaradi. Masalan, shunaqa insonlar bor, toʻrtta beshta farzandini yoʻqotgan, lekin hayotda oʻzini tutib turgan, agar tashqaridan qarasangiz, dardi yoʻq insonga oʻxshaydi. Oʻtirib gaplashsangiz, uning shunaqangi yoʻqotishlari borki, uncha-muncha odam chiday olmaydi. Ayrim odamlar masalan, oddiy ishidan ketsa, lavozimdan tushsa yoki bir avariya oqibatida mashinasidan ayrilsa, stressga tushib qoladi.

Oqibatda insonning ruhiy holati buziladi va depressiya yoki nevroz kabi kasalliklar paydo boʻlishi mumkin. Bunday holatlarda kishiga birinchi oʻrinda oilasi va yaqinlarining qoʻllab-quvvatlovi kerak. Biz stressga dosh bera olmay shifoxonaga tushib qolgan holatlarni koʻrib juda ham ta'sirlanamiz. Eng katta muammo “sigma”, ya'ni ruhiy bemorlarni ajratish. Ayrim oilalarga bunday bemorlarni qabul qilish qiyin, hattoki yillab tashlab ketishadi. Biroq yaxshi oilalar ham bor, ota-onasini davolatadi
”, - deydi psixiatr Osiyoxon Qosimova.

Psixiatr stress ruhiy kasalliklarga sabab boʻluvchi bir omil ekanini aytib, bunda bolani tarbiyalashda unga erk va mustaqillik berish kerakligini tavsiya qildi.

Ortiqcha mehr-e'tibor koʻrsatish stressga chidamlilikni rivojlantirmaydi va bola mustaqil boʻla olmaydi. U birinchi uchragan muammo oldida taslim boʻladi va hamma aybni ota-onaga yoki atrofdagilarga tashlab qoʻyishi odatiy boʻlib qoladi”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yoʻnalishi Toshkent shahar filiali boʻlim boshligʻi Osiyoxon Qosimova.

Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya yoʻnalishi boʻyicha Toshkent shahar filialida ruhiy bemor ayollar ulushi taxminan 45 foizni tashkil qiladi. Qolgan qismi erkaklar hissasiga toʻgʻri keladi. “Erkaklarni davolash ayollarga nisbatan osonroq”, deydi 8-yopiq boʻlim mudiri Gulnoza Roʻziyeva.

Ruhiy kasalliklarda tashxislar erkak va ayollar uchun bir xil boʻladi. Bizning kasalligimizni ogʻirlashtirishi mumkin boʻlgan holatlar bor. Masalan, erkaklar alkogol yoki tamaki mahsulotlari qabul qiladi. Shifoxonada qat'iy rejim mavjud boʻlsa-da, ba'zi bemorlar bu rejimdan norozi boʻlishadi. Rejim kimgadir mos keladi, kimgadir esa yoʻq. Ammo u boʻlmasa, davolash yaxshi natija bermasligi mumkin. Koʻp marta kelgan bemorlar biladi: bu erda ularga qoʻpol muomala qilinmaydi.

Ruhiy bemorlar oʻzlarining ruhiy holatini toʻliq baholay olmaydi, shuning uchun ular koʻpincha davoni kerak emas deb oʻylashadi. Yaqinlari esa holati yomonlashganda yordam soʻrab kelishadi. Yangi kelgan bemorlar bilan ishlashda biz dorilar bilan birga psixaterapevt yordamidan foydalanamiz. Turli terapiyalarni amalga oshiramiz
”, - deydi erkaklar boʻlimida ishlayotgan psixiatr.

Gulnoza Roʻziyevaga koʻra, klinikaning 8-yopiq boʻlimida hozirda 57 nafar bemor bor, yoshi yigirma besh yoshdan to oltmish beshgacha. Uning aytishicha, ruhiy holatning buzilishiga doim ham stress sabab boʻlmaydi. Masalan, OTMda oʻqigan, hatto ilmiy ish yoqlaganlar bor. Shunday kishilarning ayrimlarida sababsiz ruhiy oʻzgarishlar boʻlishi mumkin. Hozirgacha aynan ruhiy oʻzgarishlarning barcha sabablarini aniqlash imkoniyati mavjud emas.

Shuning uchun bizning vazifamiz sababini yoʻqotishdan koʻra, holatini yaxshilash. bizdan chiqib ketgandan keyin ham poliklinikada davolash ishlari davom etadi. Har bir hududga biriktirilgan shifokorlar bor, bemor dispanserga, oʻzining manziliga qarashli shifokorga murojaat qilib, holatini tushuntiradi. Agar holati yaxshi boʻlsa, oʻsha dorilarni iste'mol qilishni davom ettiradi. Agar oʻzgargan boʻlsa, u erdagi shifokor dorilarni oʻzgartirib beradi yoki kerak boʻlsa yana bizning muassasaga yoʻllanma berishi mumkin”, - deydi Gulnoza Roʻziyeva.

Shuningdek, u Kun.uzʼga faoliyatidagi eng noqulay holatlardan birini gapirib berdi.

Bemorlar yaxshi boʻlgandan keyin uylariga javob beramiz. Uydagilari nima deydi: “vrach oxirigacha davolamagan, bizlar xohlagan vaqtida chiqarishi kerak edi” deb portalga yozadi. Notoʻgʻri davolabdi, oxirigacha tekshirmapti deb emas, aynan ular xohlagan vaqtida chiqarmaganimiz uchun aybdor boʻlib qolamiz. Portalga yozgandan keyin bu ish oʻzidan oʻzi yopilmaydi, qarindoshini topib, vaziyatni tushuntirish kerak boʻladi, agar kerak boʻlsa, uzr soʻraladi. Chunki bu ishni yopish kerak. Men uchun bu noqulayi shu”, - deydi Gulnoza Roʻziyeva.

Psixiatrning ta'kidlashicha, kasal tuzalib ketgandan keyin ham qaytalanish holatlari boʻlishi mumkin. Bu hammada har xil kechadi. Agar uyga qaytgach, shifokor koʻrsatmalariga rioya etsa, 20 yilgacha murojaat qilmasligi mumkin.

Kun.uz mazkur yopiq boʻlimda 5 yildan beri ishlayotgan hamshira Maftuna Oʻrinboyeva bilan ham suhbatda boʻldi. Uning aytishicha, bemorlar mehrtalab boʻlishadi.

Boshlanishda qiyinchiliklar koʻp boʻldi, lekin hozir vaqt boʻyicha ancha tezroq ishlashimiz talab qilinadi, chunki har xil vaziyatlar boʻlishi mumkin. Hamma narsaga ulgurishimiz kerak: hujjat va kasal sogʻligi boʻyicha ham, masalan, bir bemor yaxshi boʻlganda ikkinchisining ahvoli yomonlashishi mumkin.

Ular shirin soʻzga muhtoj. Bemorlar bilan yaxshi gaplashilsa, shifo topishi mumkin. Eng sharafli tomoni – savobli ish qilyapmiz. Masalan, bu erdan chiqib ketishsa, koʻpchilik uyda yashamaydi, koʻchada qolib ketadi. Uyi yoʻqlar ham bor. Bemorlar oʻzlarini uyida boshqacha, kasalxonada boshqacha tutishadi, shunaqa zoʻr gapirgani bilan nima boʻlganini aytgisi kelmaydi, oʻzining zaif tarafini koʻrsatgisi kelmaydi
”.

Ma'lumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda bemorlarning taxminan 50 foizi ruhiy xastaliklarni turli sabablar, xususan, stress, jarohat, infektsiyalar ta'sirida orttirib olishi mumkin. Qolgan holatlarda esa tugʻma boʻlishi mumkin yoki kelib chiqishi tashqi muhitga bogʻliq boʻlmaydi. Shifoxonaning ochiq boʻlimida davolanayotgan koʻplab bemorlar ham ruhiy xastaliklar hayoti davomida paydo boʻlganini aytadi.

Men 13 yil oldin “oftob urib” mikroinsult boʻlganman. Shuning asorati hisobidan hozir shu erga kelib davolanaman. Toʻgʻrisi, boshida kasalxonaning nomi, boshqasi uchun qoʻrqdim. 5-6 yildan beri yiliga bir marta kelib, davolanib ketaman. Hammasi yaxshi”.

Kun.uz bilan suhbatda boʻlgan boshqa bir bemor stress sababli ruhiy holati buzilganini aytdi.

Men “Covid-19” paytida stressga tushib qolganman, oʻsha davrda oʻpkamda 50 foiz porojeniya bor edi. Keyin xoʻjayinim oʻtib qolgan, oʻshandan keyin stressga, depressiyaga tushib qolganman. Bunga 4 yil boʻlgan boʻlsa, shu yil yozda yana depressiya qaytarildi. Boshim ogʻrib, elkalarim qizib, gapira olmay qolaman. Dorisini ichmay qoʻygandim”.

Tugʻma ruhiy buzilishlarning bir qismiga yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh sabab boʻladi. Bunda bemorlarda aqliy qoloqlik kuzatiladi. Shunday holatlarda ayrim ota-onalar bu oʻtib ketadi, deb oʻylashadi yoki bolaga qoʻshimcha dars mashgʻulotlarini yuklash orqali vaziyatni oʻnglamoqchi boʻladi. Biz bilan suhbatda boʻlgan shifokorning aytishicha, ota-onalar qachonki farzandida tutqanoq, xulq-atvor buzilishi holatlari kuzatilsagina shifoxonaga olib kelishadi.

Odamlar “uchot”ga qoʻyilishidan qoʻrqadi

Shifoxonaga bordi yoki psixiatrga bordi. 100 foiz hisobga qoʻyildi degan narsa yoʻq. Koʻpincha oʻsha erta bosqichlarida, oʻz vaqtida murojaat qilgan insonda qanaqadir ogʻir bedavo ruhiy kasallik aniqlanmaydi. Kasallik qachonki nimaga hisobga olinadi? Qachonki bu surunkali xavfli va har doim dori ichishi talab qiladigan holat boʻlganida odam hisobga olinadi.

Yana ikkinchi tomoni, oʻz vaqtida murojaat qilish erta nogironlikning oldini oladi. Chunki ming afsus, bizlarda bemorlar koʻpincha juda kech keladi, koʻpincha nogironlik belgilari shakllangandan keyin, umuman mehnat qobiliyati yoʻqolganida, qachonki uydagilar bilan umuman yashay olmaydigan holatga kelib qolganidan keyin kelishadi
”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik markazining psixiatriya boʻyicha Toshkent shahar filiali direktori oʻrinbosari Bulat Chembayev.

Xususiy klinikalar “uchot”ga qoʻymaydi

Bemorlarni koʻpincha domlaga oʻqitishadi. Agar ruhiy nosogʻlomlik stressga bogʻliq boʻlsa, albatta, ta'siri boʻladi. Lekin tugʻma aqliy qoloqlik yoki surunkali psixoz holati boʻlsa, yordam bermasligi mumkin. Shunday holatlar boʻlgan: kasalxonaga olib kelishadi. Bir necha kundan keyin bizlar falon tabibni topdik, falon domlarni topdik, deb baribir olib ketadi. Qanchadir vaqt oʻtgandan soʻng olib kelishadi. Bizda bu boʻyicha xususiy klinikalar ham bor. Sharoitlari jihatidan davlatniki bilan uncha farq qilmaydi. Asosiy jihati – xususiy klinikaga tushgan bemorlar haqida tibbiyot muassasalariga hech qanday ma'lumot berilmaydi, bu 100 foiz anonim. Shu sababdan odamlar davlat muassasalariga murojaat qilishga qoʻrqadi”.

Psixiatrlar etishmayapti

Bizda kadrlar masalasi eng asosiy muammo. Kadrlar etishmasligi mavjud. Agar biz uni tahlil qiladigan boʻlsak, deyarli hech qaysi muassasa, hech qaysi tumanda 100 foiz malakali kadrlar bilan ta'minlanmagan. Psixiatrlar va bolalar psixiatrlari juda etishmovchilikda. Agar imtiyozlarni oladigan boʻlsak, bizda alohida ustama bor. Fikrimcha, imtiyozlarni koʻpaytirishimiz kerak. Bu uchun qandaydir tizim ishlab chiqish kerak, shu bilan birga aholining shu sohaga munosabatini oʻzgartirmasak, qandaydir mexanizmlar katta natija bermaydi. Birinchi navbatda odam psixiatrik muassasalarga yoki dispanserlarga qoʻrqmasdan murojaat qilishi kerak”.

Respublika ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filiali misolida aytadigan boʻlsak, keyingi paytlarda ruhiy xasta bemorlar soni oshib bormoqda. Bu esa insonning ruhiy salomatligini yaxshilaydigan chora-tadbirlarni koʻrishni taqozo etadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi hayot: “Hech bir sababsiz xasta boʻlayotganlar bor”