Tarmoqlarda rafiqasi tugʻuruqxonada vafot etgan erkak murojaati tarqaldi. Erkakning aytishicha, u turmush oʻrtogʻini 2024 yil 12 dekabrda Buxoro viloyat perinatal markaziga isitma bilan olib borgan. 13 dekabrda esa tugʻuruqdan soʻng vafot etgan.
“Ayolim oʻz oyogʻi bilan yurib boryapti, lekin bolnitsada vafot etyapti… Oradan 1 oydan koʻp vaqt oʻtgan boʻlsa ham, tekshiruv organlari ishni oʻrgangani haqida ma'lumot bermayapti”, – dedi u.
Murojaatdan keyin Buxoro viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga koʻra, marhuma Sud tibbiyot ekspertizasidan oʻtkazilgan va oʻlim sababi qogʻonoq suvi emboliyasi deb topilgan.
Koʻrsatilishicha, O.Z. 1992 yil Qorakoʻl tumanida tugʻilgan. Ayol 2024 yil 12 dekabr soat 21:50 da Buxoro viloyati perinatal markaziga qabul qilingan. Bemor kuchli shamollash alomatlari: yoʻtal, tana haroratining 38 darajagacha koʻtarilishi, qogʻonoq suvi ketishi, umumiy holsizlik holatida boʻlgan.
Ma'lum qilinishicha, bemorda homiladorlik kamqonlik fonida kechgan. Homiladorlikning 14 haftalik muddatida jigar exinokokki tashxisi bilan operativ davolangan.
“Tugʻuruq davomida ayolda kerakli barcha klinik laborator, instrumental tekshiruvlar oʻtkazilgan. Konsilium asosida standartlarga koʻra kerakli davo buyurilgan, kuzatuv davom ettirilgan. Ayolda tugʻuruq milliy standart asosida olib borilgan, operativ tugʻuruqqa koʻrsatma boʻlmagan”, – deyiladi munosabatda.
Ma'lum boʻlishicha, holat yuzasidan Buxoro davlat tibbiyot institutining professor-mutaxassislari ishtirokida xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan va Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari ishtirokida muhokama qilingan. Tibbiy hujjatlar yuritilishida xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 2 xodimga oʻrtacha oylik maoshidan 30 foiz jarima qoʻllanib, boshqa boʻlimga rotatsiya qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar