![Tergov sudyalari ish boshladi. Endi prokurorlarning sanktsiya olishi qanday boʻladi?](/uploads/posts/2025-02/0b435432c184.webp)
Shaxsning ozodligini cheklash, uyini tintuv qilish, telefon suhbatlari va yozishmalarini eshitib turish uchun tergovchilar suddan sanktsiya olishi shart. Oʻzbekistonda yangi joriy qilingan tergov sudyalari fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini jinoyat ishi doirasida cheklab turish masalasini koʻrib chiqadi.
Oʻzbekistonda 2025 yil 29 yanvardan kuchga kirgan qonun bilan jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida fuqarolarning erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq protsessual qarorlarga sanktsiya berish vakolati – alohida tashkil qilingan tergov sudyalariga oʻtkazildi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston boʻylab 200 dan ortiq tergov sudyalari ish boshlagan. Ular, shuningdek ma'muriy huquqbuzarlik ishlarini ham koʻrib chiqmoqda. Kun.uz muxbiri Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudi tergov sudyasi Behzod Moʻminov bilan ushbu mavzu yuzasidan suhbatlashdi.
![](/uploads/posts/2025-02/988b0fd69a_3100.webp)
Foto: Oʻngda tergov sudyasi Behzod Moʻminov
– Tergov sudyasi lavozimini joriy qilishga qanday sabablar bor edi?
– Bu yaqinda paydo boʻlgan zarurat yoki taklif emas. Olimlar va ilmiy jamoatchilik bu taklifni 2000 yillardan boshlab ilgari surgan. Tahlillarga koʻra, jinoyat protsessida inson huquq va erkinliklarining buzilishi bilan bogʻliq holatlar jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida koʻproq aniqlanadi. Shu vaqtga qadar sud nazorati umumyurisdiktsiya sudlari tomonidan amalga oshirilgan. Ular ham hukm chiqargan, ham ma'muriy ishlarni koʻrgan, ham sudga qadar jarayonlar ustidan sud nazoratini amalga oshirgan. Sud nazoratidan keyin ish yuzasidan ham hukm chiqarsa, sudyaning xolisligiga savollar tugʻilgan.
Bu borada qoʻshni davlatlar tajribasi ham oʻrganilgan, mana Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham tergov sudyasi lavozimi joriy qilingan. Va ular ijobiy samara bergan. Bundan tashqari, bugun butun dunyoda sudyalarni ixtisoslashtirish «trend»ga chiqqan. Faqat muayyan, tor doiradagi ishlarni koʻradigan sudyalar kamroq xato qiladi, ishlari sifatli boʻladi. Oʻz yoʻnalishidagi qonun normalarini qoʻllash boʻyicha malakasi yuqori boʻladi. Tergov sudyalari ham aynan protsessual majburlov choralarini qoʻllash boʻyicha ham ixtisoslashgan sudyalar, ular ishni mazmunan koʻrmaydi. Bu konstitutsiyaviy huquqlarni qoʻllashdagi kafil boʻladi.
– Oʻzbekiston sudlarida ma'muriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar eng koʻp koʻriladigan protsesslardan biri hisoblanadi. Endi asosiy vazifasiga qoʻshimcha bunday ishlarni ham koʻrish tergov sudyasining ish samaradorligiga qanchalik ta'sir qiladi?
– Toʻgʻri, bunday ishlar koʻp, boshqa davlatlarda ham tergov sudyalari MJtK doirasidagi ishlarni koʻrib chiqmaydi. Qaysidir ma'noda sud nazorati samaradorligiga ta'sir qiladi, umuman ta'sir qilmaydi, deb aytolmaymiz. Boshqa jihatdan har bir fuqaro tergovchining qarori ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin. Bu ayni jinoyat protsessidagi sud nazorati hamdir. Qonunchilikka tergovchi yoki prokurorning qarorlari ustidan advokat, manfaatdor shaxslarning shikoyatlarini tergov sudyalari koʻrib chiqishi vakolatini kiritish kerak. Sud muhokamasida tergovchi yoki prokuror oʻz qarori qonuniyligini isbotlab berishi kerak. Agar shunday shikoyat qilish tartibi joriy qilinsa, tergov sudyalariga ham ish yuklamasi oshishiga olib keladi. Keyinchalik bunga echim berilsa kerak, xususan ma'muriy huquqbuzarlik ishlarini koʻradigan sudyalar ajralib chiqishi ham mumkin. Chunki hozirgi kunda ma'muriy huquqbuzarlik ishlarining turi ham koʻpaygan. Bu ham sudyadan qoʻshimcha bilimlar, yangi sohalardan ham xabardorlikni talab qiladi.
– Jinoyat protsessual kodeksining 382-moddasida nazarda tutilgan prokuror vakolatlari bilan yangi qoʻshilgan 31-1-moddadagi tergov sudyalarining vakolatlari bir-birini takrorlab qolmaydimi, ularning qanday farqi bor?
– Birinchi navbatda uning maqsadiga qarashimiz kerak. Prokuror nazorati va sud nazorati oʻrtasida nima farq bor, degan savol tugʻiladi. Prokuror — jinoyatchilikning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashdagi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi yoki sodda qilib aytganda, jinoiy ta'qibni amalga oshirish uchun mas'ul. U koʻproq shaxsning manfaatlari bilan birga davlat va jamiyat manfaatlarini koʻzlaydi.
Bu erda tergov sudyasi, JPKning 31-1-moddasida ham yozilgan, shaxsning huquqlari nuqtayi nazaridan masalani koʻrib chiqadi. Davlat manfaatlarini himoya qilish uchun shaxs huquqini cheklashga asos bormi-yoʻqligini koʻrib chiqadi. Tergov sudyasi nazorati faqat unga prokurordan iltimosnoma kelib tushganda amalga oshiriladi. Prokurorning nazorati esa tezkor xarakterga ega: u borib tergov hibsxonalarini tekshirishi mumkin yoki tergovchi, tezkor xodim qoʻlidagi ish materiallarini, arizalarni tekshirishi mumkin. Nazorat xarakteriga va maqsadiga koʻra farqlanadi.
Prokuror ayblov xulosasini tasdiqlaydi va sudda ayblovni qoʻllab-quvvatlaydi. Ayblov uchun mas'ul boʻlgan prokuror noqonuniy ayblov qoʻyilgan boʻlsa, shikoyatni koʻrib chiqadi. Ba'zi hollarda bu ikkita funktsiya bir-biriga toʻsqinlik qilishi mumkin. Sud ayblov uchun mas'ul emas, u jinoyatchilik koʻrsatkichlari uchun ham mas'ul emas. U faqat qonunga boʻysungan holda, qonunda shaxsning huquqini cheklash uchun asos bormi-yoʻqligini koʻrib chiqadi.
– Uyni tintuv qilishga yoki ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish, telefon suhbatlarini eshitish kabi hollarda tergovchilar yoki tezkor xodimlar birinchi boʻlib kimga murojaat qiladi? Sanktsiyani prokuror beradimi yoki tergov sudyasi?
– Bunday vaziyatda, qamoq ehtiyot chorasini qoʻllash, tintuv oʻtkazishi yoki boshqa protsessual majburlov choralari lozim boʻlsa, tergovchi birinchi navbatda ishni nazorat qilayotgan prokurorga iltimosnoma bilan chiqadi. Prokuror iltimosnomani va hujjatlarni oʻrganib chiqadi. Iltimosnomaga rozi boʻlsa, uni tasdiqlab sudga beradi. Sud iltimosnomani qanoatlantiradi yoki rad qiladi. Bu erda tergovchi ustidan ikkita bosqichli nazorat mexanizmi joriy qilingan: prokuror tekshiradi va sud tekshiradi. Yuqorida aytganimdek, sud va prokuror boshqacharoq rakursda tekshiradi.
Qamoqqa olish ehtiyot chorasi yoki boshqa majburlov chorasini qoʻllashga doir ishlarni tergov sudyalari koʻrishida ayblanuvchi va uning advokati ham yopiq protsessda qatnashadi. Ya'ni muhokama boʻladi. Lekin tintuv, pochta, telegram joʻnatmalarni xatlash, telefon soʻzlashuvlari eshitishga doir sanktsiya olishda tergov sudyasi ishni yopiq koʻradi. Chunki bu tergov siri. Masalan, ochiq sud majlisida koʻrilsa, «Palonchining uyida tintuv oʻtkazish uchun, mana, sud sanktsiya berarkan», deb hamma xabar topadi. Unda uyni yoki boshqa joyni tintuv qilishdan ma'no qolmaydi. Shuning uchun ham yopiq sud majlisida ayblanuvchi yoki gumonlanuvchining ishtirokisiz, faqat prokuror ishtirokida koʻrib chiqiladi. Bu erda tergov sudyasi fuqaroning manfaatlari tomonidan ishga baho beradi, uning huquqlarini cheklashga doir masala zaruratiga qarab ajrim chiqaradi.
Yana bir masala bor, agar kechiktirib boʻlmaydigan holatlarda tergovchi sud sanktsiyasiz tintuv oʻtkazsa, demak 24 soat ichida tintuv oʻtkazish haqida materiallarni sudga beradi. Sud endi uni koʻrib chiqib qonuniyligiga baho beradi: oʻsha holatda tintuv oʻtkazish uchun asos boʻlganmi, yoʻqmi, tintuv qonuniy oʻtkazilganmi, yoʻqmi. Agar noqonuniy oʻtkazilgan boʻlsa, aytaylik, tintuv natijasida ishga aloqador birorta dalil olinadi. Sud shu masalaga baho berib, tintuv oʻtkazish uchun asoslar boʻlmagan boʻlsa, tintuv noqonuniy, jarayonda olingan dalillar ham nomaqbul dalil deb topadi. Bundan tashqari, uyda tintuv oʻtkazilgan shaxsga sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati berish huquqi bor. Apellyatsiya instantsiyasi oʻrganib chiqadi: haqiqatda asos boʻlganmi, shaxsiy turar joy daxlsizligini buzish uchun yoki asos boʻlmaganmi.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar