
O‘zbekistonda texnik qurilma va transport vositalaridagi xatoliklarni inobatga olgan holda, umumiy aniqlangan tezlikdan amaldagi 5 km/soat ayirib tashlash amaliyotini 10 km/soatga ko‘tarish taklif etilmoqda. Bu boradagi tegishli ko‘rsatmani bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov o‘tgan yilning 24 iyulida imzolagan.
Hujjatni Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev e’lon qildi. Unga ko‘ra, bu boradagi normativ hujjat loyihasi allaqachon tayyorlangan. Agar tegishli qaror qabul qilingudek bo‘lsa, shahar hududlaridagi haydovchilar jarimaga tortilish xavfisiz soatiga 70 kilometr tezlikda (60+10) harakatlanishi mumkin bo‘ladi. 2023 yil 5 apreldan boshlab O‘zbekistonning barcha shaharlarida transport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligi soatiga 70 kilometrdan soatiga 60 kilometrga tushirilgan edi.
Ko‘rsatmada, shuningdek, bir yo‘nalishdagi tasmalarni ajratib turuvchi uzluksiz 1.1 yo‘l yotiq chizig‘i bilan bog‘liq yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlash avtomobil yo‘llarini SHNQ va GOST talablariga mos kelgan hududlarda qayd etishga ruxsat berish amaliyotini joriy etish belgilangan.
Bundan tashqari, jarima qaroriga, qoidabuzarliklarni qayd etuvchi texnik vositalar to‘g‘risidagi kengaytirilgan ma’lumotlar (turi, ishlab chiqarilgan zavod raqami va qiyoshlash sertifikati)ni ko‘rsatilishini majburiy etib belgilash taklif qilingan.
Ichki ishlar vazirligining «Xavfsiz shahar» markazi tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilishini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimini o‘rnatilishi hamda ekspluatatsiya qilinishini nazorat qiluvchi vakolatli organ etib belgilanadi. 2025 yil 1 mayga qadar IIV foto va video qayd etish axborot tizimlari (server qurilmalari, foto va video qayd etish kameralari)ni joriy etish, ishga tushirish va foydalanish bo‘yicha yagona davlat standartini ishlab chiqishi kerak. «Xavfsiz shahar» markazi, shuningdek, muntazam ravishda barcha tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan foto va video qayd etish qurilmalarini qaytadan o‘rganib chiqib, belgilangan tartibda test sinovidan o‘tkazadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar