3 082
Mirziyoyev va To‘qayev Olmaota yaqinidagi “Medeu” tog‘-chang‘i majmuasida bo‘ldi (foto)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Olmaota shahriga keldi. Mehmonni aeroportda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev kutib oldi.
Tashrifdan maqsad – norasmiy uchrashuv o‘tkazish.
“Kun tartibidan savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasidagi faol aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari o‘rin olgan.
Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar”, – deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Prezidentlar “Medeu” tog‘-chang‘i klasterini borib ko‘rishdi.
Shavkat Mirziyoyevga sel-suv toshqinlaridan himoya qilish maqsadida dengiz sathidan 1750 metr balandlikda qurilgan “Medeu” to‘g‘onining yaratilish tarixi va arxitekturaviy xususiyatlari haqida so‘zlab berildi.
“Medeu” to‘g‘onining tepasiga 842 pog‘onadan iborat “Salomatlik zinapoyasi” olib boradi. 2011 yilda to‘g‘on yonida “Shimbuloq” tog‘-chang‘i maskaniga eltuvchi 4,5 km uzunlikdagi dor yo‘li qurilgan.

“Medeu” sport majmuasi 1972 yilda barpo etilgan bo‘lib, dengiz sathidan 1700 metr balandlikda joylashgan. Majmua muz maydonining yuzasi 10,5 ming kvadrat metr bo‘lib, bir vaqtda 3 ming nafargacha kishini qabul qila oladi. Har yili unga 400 mingdan ortiq mehmon tashrif buyuradi.
Bugungi kunda majmua sport, turizm va madaniyat klasteri sifatida faoliyat yuritmoqda. Sport musobaqalari, ommaviy konki uchish, madaniy tadbirlar, festivallar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

2011 yilda bu yerda VII qishki Osiyo o‘yinlari, 2017 yilda Butunjahon Universiada musobaqalari o‘tkazilgan.
Tanishuv chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari yosh figurali uchuvchilarning ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qilishdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar