
Toshkent viloyati, Toshkent tumanida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan, avval ham sudlangan shaxs Haj ziyoratini tashkil qilish vakolatiga ega bo‘lmasa-da, bir fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini joriy yil Haj ziyoratiga jo‘natish uchun 8 ming AQSH dollari talab qilgan. U talab qilgan puldan oldindan 2 ming dollarni olayotgan paytida Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ushlangan.
Andijon viloyati, Shahrixon tumanida esa 1987 yilda tug‘ilgan, bir turistik firma rahbari 4 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga jo‘natish uchun ulardan 4200 AQSH dollari olgan vaqtda noqonuniy harakatlari fosh etilgan va unga qarshi chora ko‘rilgan.
Shuningdek, Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida ham shunga o‘xshash holat aniqlandi. U yerda yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zini sayyohlik agentligi vakili sifatida ko‘rsatib, 3 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, jami 3450 AQSH dollari talab qilgan. Gumonlanuvchi shaxs oldindan 1100 dollar va 1 mln 290 ming so‘m pulni olayotgan paytida qo‘lga olingan.
Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida faoliyat olib boruvchi xususiy aviakassa rahbari ham firibgarlik holatiga qo‘l urgan. U bir fuqaroning qarindoshini Umra ziyoratiga yuborishni aytib, buning uchun 1200 AQSH dollari talab qilgan. Aviakassa xodimi ushbu rahbarning ko‘rsatmasi bilan oldindan 10 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar