date
views 163

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda

O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda
25 aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘istonning Olmaota shahrida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van I bilan samarali muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari bo‘yicha ochiq, ishonchli va konstruktiv ruhda fikr almashildi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari o‘z ijtimoiy tarmoq sahifasida mazkur uchrashuv bo‘yicha quyidagicha bayonot berdi:

«Bugun Olmaotada Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Xitoy tashqi ishlar vaziri hurmatli Van I bilan o‘zaro manfaatli va samarali muloqot o‘tkazdik. Uchrashuv davomida O‘zbekiston–Xitoy munosabatlarini yanada kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari haqida fikr almashdik. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport va logistika imkoniyatlarini oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash hamda xalqaro maydondagi hamkorlik kabi muhim yo‘nalishlarni muhokama qildik».

Shu bilan birga, Baxtiyor Saidov O‘zbekistonni izchil rivojlantirishda Xitoy ko‘rsatayotgan doimiy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirib, barqaror, xavfsiz va o‘zaro bog‘langan mintaqani shakllantirish yo‘lidagi birgalikdagi harakatlarning muhimligini alohida ta’kidladi.

«O‘zbekiston taraqqiyotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani va mintaqamizda barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlash yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz uchun Xitoy tomoniga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Biz ikki tomonlama munosabatlarimizdagi yuqori sur’atni saqlab qolishga va yanada mustahkamlashga kelishib oldik», – deya qayd etdi Saidov.

Uchrashuv yakunida har ikki tomon ham O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarni yangi yo‘nalishlar va yangi loyihalar bilan yanada boyitish, kelajakda hamkorlikning yangi sahifalarini ochish borasida yakdil fikrda ekanliklarini bildirishdi. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ishonch ruhidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari yangi bosqichga chiqmoqda