date
views 129

G‘uzorda yo‘l-patrul xodimlari va haydovchilar o‘rtasida janjal yuz berdi: Sud hukmi e’lon qilindi

G‘uzorda yo‘l-patrul xodimlari va haydovchilar o‘rtasida janjal yuz berdi: Sud hukmi e’lon qilindi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida ichki ishlar xodimlari va haydovchilar o‘rtasida tortishuv aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, G‘uzor tumanida ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining patrul-post bataloni xodimlari xizmat vazifalarini bajarayotgan vaqtda yuk avtomobili haydovchisiga to‘xtash bo‘yicha ishora berishgan. Biroq haydovchi ushbu talabni e’tiborsiz qoldirib, voqea joyidan qochishga uringan.

Patrul-post bataloni xodimlari haydovchini to‘xtatishga erishib, undan transport vositasiga tegishli hujjatlarni talab qilishgan. Ammo haydovchi ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarishni rad etgan. Bundan tashqari, haydovchining ukasi ham voqeaga aralashib, ichki ishlar xodimlariga nisbatan faol ravishda qarshilik ko‘rsatgan.

Ushbu holat bo‘yicha aka-ukalarga nisbatan tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilib, ish materiallari G‘uzor tuman jinoyat ishlari sudiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Sud muhokamasi natijasida jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudi aka-ukalarga nisbatan qonuniy qaror chiqardi. Sudning hukmiga ko‘ra, ular bazaviy hisoblash miqdorining 7 barobari miqdorida jarima hamda 3 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.

Qashqadaryo viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ushbu voqea orqali barcha haydovchilardan ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga so‘zsiz itoat qilish hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etishni yana bir bor eslatib o‘tdi. Bunday vaziyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik chora-tadbirlarning muntazam davom ettirilishi ta’kidlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘uzorda yo‘l-patrul xodimlari va haydovchilar o‘rtasida janjal yuz berdi: Sud hukmi e’lon qilindi