
Toshkentda faoliyat yuritayotgan Veolia Energy Tashkent kompaniyasi 30 maydan 17 iyulgacha bo‘lgan muddatda rejalashtirilgan issiqlik tarmoqlarining gidravlik sinovlari vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Bu qaror xavfsizlik va ishonchlilikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, kompaniya tomonidan mavjud tizimni baholash va sinovlarni o‘tkazishga bo‘lgan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.
Aytilishicha, hozirgi paytda mutaxassislar quvurlardagi potensial xavfli nuqtalarni aniqlashning zamonaviy va xavfsizroq metodlarini ishlab chiqish bilan band. Bu usullar orqali joriy isitish mavsumigacha bo‘lgan tayyorgarlik jarayonida aholi xavfsizligi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
"Bizning maqsadimiz — 2025-2026 yilgi isitish mavsumigacha issiqlik ta’minotining to‘liq xavfsiz va ishonchli bo‘lishini ta’minlash. Keyingi qadamlar va muddatlar haqida tez orada alohida ma’lum qilamiz", — deyiladi rasmiy bayonotda.
Aytish joizki, shu kuni, 10 iyulda Shayxontohur tumanida joylashgan Tibbiyot instituti chorrahasida diametri 800 mm bo‘lgan yer osti quvuri yorilib ketdi. Bu voqea mahalliy aholi va haydovchilar orasida jiddiy xavotir uyg‘otdi.
Mutaxassislar ushbu hodisaning oqibatlarini bartaraf etish uchun zudlik bilan harakatga o‘tdi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ushbu yorilish sababli yuzaga kelgan barcha moddiy zararlar — xususiy mulk, transport vositalari va boshqa infratuzilmalarga yetkazilgan talofotlar to‘liq qoplab beriladi.
Veolia tomonidan ko‘rilayotgan choralar nafaqat mavsum tayyorgarligi, balki xavfsizlikni ustuvorlikka aylantirishga qaratilgan. Yangi yechimlar va texnik yondashuvlar orqali kompaniya aholiga yanada barqaror va xavfsiz xizmat ko‘rsatishni maqsad qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar