Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan yangi ma’lumotlar mamlakatda nikohlar dinamikasiga qiziqqan ko‘plab kishilar e’tiborini tortdi. Raqamlarga ko‘ra, 2024 yil davomida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan nikohlar umumiy soni 271,8 mingtani tashkil etgan.
Aniqlanishicha, shular orasida yoshi 50 yosh va undan yuqori bo‘lgan minglab insonlar ham turmush qurgan. Xususan, o‘tgan yilda 50 yosh va undan katta yoshda nikoh qo‘yganlar soni 6 433 nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich jamiyatda turli yoshdagi insonlar hayot yo‘lini birga davom ettirishga qaror qilayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etish joizki, ushbu toifadagi nikoh tuzganlardan 1 430 nafari — ayollar. Demak, mingdan ortiq ayol 50 yoshdan keyin ham turmush qurishga qadam qo‘ygan. Qolgan 5 003 nafarini esa erkaklar tashkil qiladi. Bu raqamlar shuni anglatadiki, yoshi katta erkaklar orasida ham yangi oila qurishga intilish yuqori.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, 50 yoshdan keyingi nikohlar ko‘pincha hayotiy tajriba, barqarorlik va ongli qarorlar asosida tuziladi. Bunday oilalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash, teng munosabatlar va hayotga realistik yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, sotsiologlar bu tendensiyani jamiyatdagi ijtimoiy o‘zgarishlar, insonlarning uzoq umr ko‘rishi va salomatlik imkoniyatlarining kengayishi bilan bog‘lashmoqda. Ularga ko‘ra, har qanday yoshda ham baxtli hayot qurish mumkinligi haqidagi qarashlar tobora keng tarqalmoqda.
Demak, rasmiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, nikoh uchun yosh chegara emas. 50 yoshdan keyin turmush qurgan minglab insonlar bu fikrning jonli isbotidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!