Marg‘ilon shahridagi Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi pora olayotganda qo‘lga olindi. Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, u bir fuqaroga davlat-xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi ochish uchun kerakli ruxsatnomani olib berishni va’da qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi bu ishni amalga oshirish uchun vazirlikda ishlaydigan tanishlaridan foydalanishini aytgan. Shu bahona bilan u fuqarodan xizmat haqi sifatida 2 ming AQSH dollari talab qilgan. Mablag‘ni to‘lash jarayoni bevosita bosh mutaxassisning ishxonasida amalga oshirilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda ayblanuvchi pulni qabul qilayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) va 211-moddasi (“Pora olish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda, ayblanuvchi vaqtincha qamoqqa olingan. Mutasaddilar korrupsiya va pora olish holatlariga nisbatan murosasizlik siyosati qat’iy amalga oshirilishini eslatib o‘tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!