O‘zbekistonda mehnat bozorida yangi va zamonaviy to‘lov amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Prezidentning 2025 yil 12 avgustdagi qaroriga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida “shu kunning o‘zida” nomli kunlik ish haqi to‘lash tartibi joriy etiladi.
Yangi tizim tajriba sifatida ayrim xodimlar mehnati uchun amalga oshiriladi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun ish beruvchi va xodim o‘rtasida elektron mehnat shartnomasi tuzilgan bo‘lishi shart. Shuningdek, xodim raqamli platformalarda elektron hamyonga ega bo‘lishi lozim.
Muhimi, soliqlar va majburiy to‘lovlar hisoblanishi hamda to‘lanishi qat’iy nazorat qilinadi. Mexanizm ixtiyoriy bo‘lib, ish beruvchi mehnat qonunchiligining boshqa talablaridan ozod etilmaydi.
Qarorga ko‘ra, raqamli platforma operatorlari xodimlarga kunlik to‘lovni amalga oshirish uchun maxsus to‘lov vositalari taqdim etadi. Davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya jarayoni mexanizmning to‘liq ishlashida muhim o‘rin tutadi.
Muttaxassislar ta’kidlashicha, bunday amaliyot qisqa muddat ichida ishchi mehnatining qiymatini tezkor to‘lashga yordam beradi, ayniqsa, vaqtinchalik yoki smenali ishda band bo‘lganlar uchun juda qulay bo‘ladi. Shu bilan birga, bu mehnat bozorida shaffoflikni oshirishga va noqonuniy ish shakllarini qisqartirishga xizmat qiladi.
Yangi tartib mehnat munosabatlarini raqamlashtirishdagi navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda. Kunlik ish haqi to‘lash tizimi ishchi va ish beruvchi o‘rtasida moliyaviy munosabatlarni soddalashtirish, tezkor va qulay to‘lovni ta’minlash imkonini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!