Surxondaryo viloyatida yirik qonunbuzarlik fosh etildi. Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, Termiz shahrida jinoiy guruh haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish va qonuniy ko‘rinish berib tarqatish bilan shug‘ullangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazi xodimi o‘z sheriklari bilan birga imtihon topshirolmagan yoki umuman haydovchilik guvohnomasi olmagan shaxslarga noqonuniy yo‘l bilan hujjat tayyorlab berib kelgan. Soxta ma’lumotlar YHXXning elektron bazasiga kiritilib, guvohnomalar haqiqiy hujjat sifatida rasmiylashtirilgan.
Natijada jami 18 nafar fuqaro noqonuniy ravishda haydovchilik huquqiga ega bo‘lgan. Sud qaroriga asosan, jinoiy sxema tashkilotchilaridan biri 4-yilga, ikkinchisi esa 3-yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Barcha qalbaki guvohnomalar haqiqiy kuchini yo‘qotdi va elektron tizimdan chiqarib tashlandi.
Ichki ishlar vazirligi ta’kidlashicha, hozirda mamlakatning boshqa hududlarida ham shu kabi holatlar bo‘yicha tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Mutaxassislar bu kabi qonunbuzarliklar yo‘l harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid ekanini eslatib o‘tmoqda.