Bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida A.T. (1974-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan birinchi instansiya sudi hukmi e’lon qilindi. Ayblanuvchi ilgari sudlanmagan, biroq bir nechta jiddiy moddalar bo‘yicha javobgarlikka tortildi.
Sud qaroriga ko‘ra, A.T. Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi — milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish, 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi — jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish, va 244-3-moddasi — diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish kabi holatlar bo‘yicha aybli deb topildi.
Sud Jinoyat kodeksining 57-moddasiga asoslanib (engilroq jazo tayinlash), 59 va 61-moddalar tartibida jazoni hisoblab chiqdi va natijada A.T.ga 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Ushbu jazo umumiy tartibdagi koloniyada o‘taladi.
Shu bilan birga, sud hukmiga ko‘ra, A.T.ga tegishli deb hisoblangan va unga aloqador tarzda faoliyat yuritgan quyidagi internet resurslar bloklanishi belgilandi:
– Facebook va Instagram tarmoqlaridagi “Mubaşşir Ahmad” sahifalari
– Telegram’dagi “Azon Global – Muqobil axborot-tahliliy kanali”
– YouTube'dagi mazkur nomdagi videokanal
Mazkur hukm hali kuchga kirgani yo‘q. Sud qaroridan norozi tomonlar belgilangan tartibda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya yoki kassasiya shikoyati kiritish huquqiga ega.
Mubashshir Ahmadga sud hukmi o‘qildi,sahifalari sud qarori bilan bloklandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar