date

Aliment to‘lamaslik uchun er xotinini qasddan “Damas” avtomashinasida urib,falaj qilib qo‘ydi

Aliment to‘lamaslik uchun er xotinini qasddan “Damas” avtomashinasida urib,falaj qilib qo‘ydi

Navoiy viloyatida jinoyatchilikning shov-shuvli holati qayd etildi — Qiziltepa tumanida er o‘z turmush o‘rtog‘ini “Damas” avtomashinasida urib ketgan. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi qaroridan iqtibos keltirgan holda xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi Zamira bir necha yil davomida turmush o‘rtog‘i Shahriyor tomonidan doimiy ravishda zo‘ravonlikka uchrab kelgan. Zo‘ravonlik va tahdidlarga dosh berolmagan ayol axir ajrashish arizasini bergan.

12 avgust kuni Navoiy viloyat sudi ajrashish ishini ko‘rib chiqib, taraflarga uch oylik muddat bergan va Shahriyorni to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashga majbur qilgan.

Biroq oradan bir kun o‘tib, Shahriyor Zamiraga qo‘ng‘iroq qilib, “alimentdan voz kech, aks holda yomon bo‘ladi”, deb tahdid qilgan.

14 avgust kuni u “Damas”ni uyidan haydab chiqib, yo‘l chetida ketayotgan Zamirani bila turib urib ketgan. Natijada ayol og‘ir jarohat olgan: umurtqasi singan, belidan past qismi falaj bo‘lgan, asab tomirlari shikastlangan. U hozirgacha shifoxonada og‘ir ahvolda yotibdi.

Zamiraning yaqinlari ma’lum qilishicha, aybdor shaxs uning davolanishi uchun hech qanday yordam bermayotgan. Tergov organlari unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositasidan foydalanish xavfsizligini buzish) bilan ish qo‘zg‘atgan. Biroq ish “qasddan urib ketish” sifatida baholanmagan — tergovchilar uni “baxtsiz hodisa” deb baholagan.

Eng achinarlisi — Shahriyor hibsga olinmagan, u hatto hozir ham Zamiraga yozib, tahdidlarni davom ettirayotgan.

Nemolchi.uz yozishicha, bu holat O‘zbekistonda ayollarni himoya qilish tizimi qay darajada samarasiz ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Nega zo‘ravonlikka uchragan ayollar himoya topa olmayapti?

Nega aliment to‘lamaslik uchun inson o‘z turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishgacha tayyor bo‘ladi?

Nega bu ish “qasd bilan odam o‘ldirishga urinish” sifatida baholanmayapti?

Jamoatchilik bu savollarga javob kutayotgan bir paytda, Zamira hayot uchun kurashmoqda. Uning yaqinlari Toshkentda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun mablag‘ yig‘ishga harakat qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aliment to‘lamaslik uchun er xotinini qasddan “Damas” avtomashinasida urib,falaj qilib qo‘ydi