Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida qotillik sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zga xonadonga o‘g‘rilikka tushgan fuqaro 61 yoshli ayolni shafqatsizlarcha o‘ldirgan.
Voqea 2025-yil 25-may kuni kechqurun ro‘y bergan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, marhumaning kelini uydagi yillar davomida yig‘ilgan katta mablag‘ni qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. 61 yoshli keksa ayolning uyda yolg‘iz qolishidan foydalangan kelin bu ishga o‘zining yaqinlari va sheriklarini ham jalb etgan.
Kelinning yordamchilari uyni talon-toroj qilish maqsadida harakatga tushishgan. Ulardan biri — 32 yoshli erkak kelin tomonidan berilgan rejaga ko‘ra, uyni elektr tokidan uzib, kuzatuv kameralarini o‘chirgan. Bu bilan hech kim hodisani yozib olmasligi ta’minlangan.
Shundan so‘ng u uyga kirib, pullarni izlay boshlagan va 61 yoshli ayolga to‘satdan duch kelgan. Jinoyatchi u bilan tortishib qolgan va izidan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Dahshatli qotillikdan so‘ng u uydagi katta mablag‘ni topib, o‘z sheriklari bilan birga xonadonni yoqib yuborgan.
Hozirda mazkur ish bo‘yicha 4 nafar shaxs — kelin, uning singlisi va 31 hamda 32 yoshli ikki erkak qamoqqa olingan. Tergov natijalariga ko‘ra, ularning barchasi jinoyatni oldindan kelishib, reja asosida amalga oshirgan.
Ayni paytda ish jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sud jarayonida gumondorlar qilmishini tan olishdan bosh tortmayotgani aytilmoqda.
Mahalliy aholi bu voqeadan qattiq larzaga tushgan. Ular marhumaning qishloqda mehribon va insofli inson sifatida tanilganini ta’kidlamoqda.
Bu hodisa yana bir bor odamiylikdan uzoq, mol-dunyo illati ortidan qadam qo‘yganlar qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tergov organlari esa bu ish bo‘yicha qat’iy jazo choralari qo‘llanilishini ma’lum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!