Italiyadagi 15 ta restoranda oilalar uchun telefonsiz ovqatlanish loyihasi boshlanadi

Italiyaning Sardiniya orolidagi 15 ta restoran oilalarni ovqatlanish vaqtida telefon va boshqa elektron qurilmalardan foydalanmaslikka undaydigan tajriba loyihasida ishtirok etadi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
«Ekranlarsiz dasturxon» («A tavola senza schermi») deb nomlangan loyiha bir oy davom etadi. Uning asosiy maqsadi ota-onalar va bolalarni ovqatlanish paytida telefonlarga chalg‘imasdan, o‘zaro suhbatlashishga undashdir.
Loyiha doirasida telefonlarini chetga qo‘ygan oilalarga maxsus to‘plam taqdim etiladi. Unda bolalar bilan birgalikda shug‘ullanish uchun o‘yinlar, rasm chizish materiallari hamda ota-onalarga raqamli qurilmalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berilgan ma’lumotnoma bo‘ladi.
Tashabbus Sardiniyaning bolalar va o‘smirlar huquqlari bo‘yicha vakili Anna Kau hamda Fipe-Confcommercio tashkilotining mintaqaviy bo‘limi hamkorligida ishlab chiqilgan. Loyiha oilaviy ovqatlanish vaqtida jonli muloqotni ko‘paytirish va bolalarning elektron qurilmalarga haddan tashqari berilib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Tajriba dastlab 15 ta restoranda o‘tkaziladi. Uning natijalari ijobiy bo‘lsa, tashabbusni boshqa restoranlarga ham ixtiyoriy ravishda kengaytirish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…