Farg‘onada bojxona posti rahbari pora olgani uchun 4 yilga qamaldi

Farg‘ona viloyatida bojxona-chegara postiga rahbarlik qilgan mansabdor pora olayotgan paytda qo‘lga olinib, sud hukmi bilan jazolandi. U davlat chegarasidan 80 ta mobil telefonni noqonuniy olib o‘tishga ko‘maklashishni va’da qilgani aytilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 5 ming dollar olayotgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbirda pul mablag‘lari hamda qoidalarga zid tarzda olib kirilayotgan telefonlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Quva tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sud mansabdorni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan aybdor deb topib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi. Shuningdek, unga 3 yil davomida bojxona organlarida har qanday lavozimda ishlash taqiqlandi.
So‘nggi paytlarda huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar tez-tez fosh etilayotgani qayd etilmoqda. Avvalroq Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlari bo‘yicha noqonuniy bitimlar hamda poraxo‘rlik holatlari aniqlangani, xususan, 30 ming dollar pora olishda gumon qilingan IIB xodimi ushlangani haqida xabar berilgandi. Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!