Farg‘onada tunda muzli tog‘ yo‘lida «Kaptiva» qulab tushdi

Farg‘ona viloyatidagi yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, voqea 2026 yil 19 yanvar kuni soat 21:00 atrofida Farg‘ona tumanidagi «Yordon» MFY hududida, tog‘li masofada qayd etilgan.
Ma’lum qilinishicha, 1981 yilda tug‘ilgan A.A. boshqaruvidagi «Kaptiva» avtomobili harakatlanish uchun mo‘ljallanmagan kichik daradagi tog‘ yo‘lidan o‘tayotgan vaqtda yo‘l qatlami qor va muz bilan qoplangani sababli boshqaruvdan chiqib ketgan. Natijada mashina ag‘darilib, pastlikka qulab tushgan.
Haydovchi og‘ir tan jarohati — yopiq bosh miya shikasti va koma holati bilan shifoxonaga olib borilgan. Biroq shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsiya choralariga qaramay, jabrlanuvchining hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Mutasaddilar hozirda holat yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilayotganini bildirgan.