Toshkentda qarz qimmat avtoni xatlatib qo‘yishga olib keldi

Toshkent shahrida qarzdorlik masalasi fuqaro uchun jiddiy ogohlantiruvchi “saboq” bo‘ldi: qimmatbaho avtomashinalar xatlangach, u qarzni to‘lashga majbur bo‘ldi va ijro hujjati yakunlandi.
Ma’lum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudining 28.04.2025 yildagi ijro varaqasiga asosan, qarzdor fuqarodan undiruvchi korxona foydasiga 189 million so‘m qarz undirish bo‘yicha ijro ishi 20.01.2026 kuni Majburiy ijro byurosi tomonidan ish yurituviga qabul qilingan.
Qarzdorga qonunchilikda belgilangan tartibda 15 kunlik ixtiyoriy to‘lov muddati berilgan. Davlat ijrochisi tomonidan unga majburiyatni o‘z vaqtida bajarish orqali ortiqcha xarajatlar va huquqiy oqibatlarning oldini olish mumkinligi tushuntirilgan.
Ijro jarayonida qarzdor nomida bo‘lgan qimmatbaho avtotransport vositalari — “TOYOTA LAND CRUISER PRADO” hamda “MERCEDES BENZ G63 AMG” aniqlanib, ularga band qo‘yilgan. Bu esa qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik mulkiy yo‘qotishga olib kelishi mumkinligini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, majburiy ijro choralarining o‘z vaqtida va qat’iy qo‘llanilishi ko‘p hollarda qarzdorni sud qarorini ixtiyoriy ravishda bajarishga undaydi. Ushbu holatda ham qarzdor huquqiy oqibatlarni anglab, qarzdorlikni to‘liq qoplagan.
Natijada sud qarori O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni 41-moddasi 1-bandiga muvofiq ijro etilgan hamda undirib olingan mablag‘lar korxona foydasiga o‘tkazilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!