Davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilari grippga qarshi bepul emlanadi
-
Fevral oyi oxiriga qadar barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT)dagi bolalar grippga qarshi bepul emlanadi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, 520 ming doza grippga qarshi vaksina davlat mablag‘lari hisobidan xarid qilingan va hududlarga tarqatilgan. Bunday keng qamrovli chora-tadbir bolalarni grippning og‘ir asoratlaridan, xususan pnevmoniya, bronxit va otitdan himoya qilishni maqsad qiladi.
Qo‘mita bayonotida ta’kidlanishicha, gripp viruslari fevral–mart oylarida ham faol aylanishda bo‘ladi. Emlash organizmda 10–14 kun ichida immunitet hosil qilib, bolalarni mavsum oxirigacha himoya qiladi. Emlash kasallanish xavfini kamaytiradi va kasallik yengil o‘tishiga yordam beradi.
Jarayonda bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi va faqat sog‘lom bolalar emlanadi. Qo‘mita barcha ota-onalarni o‘z farzandlarini o‘z vaqtida emlatishga chaqirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!