Bekobodda IIB xodimi urgan fuqaro jasadi 80 kunda topildi

Bekobod shahrida jamoatchilikni larzaga solgan voqea yuzasidan yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. IIB xodimi tomonidan avtomashinada urib yuborilgan, so‘ng jasadi Farhod kanaliga tashlab ketilgan 43 yoshli fuqaroning tanasi 80 kundan so‘ng aniqlangan. Bu haqda marhumning yaqinlari ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, voqea 2025 yil 11 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Bekobod shahar IIBning katta tezkor vakili mast holatda rulga o‘tirgan. Yo‘lda u fuqaroni urib yuborganidan keyin, og‘ir jinoyat izini yashirishga urinib, jasadni “Nexia” avtomobiliga yuklab, hodisa joyidan uzoqroqqa olib ketgan.
Keyin u turmush o‘rtog‘ini chaqirgan. Ayol “Matiz” avtomashinasida yetib kelgan. Ortiqcha vaqt yo‘qotmasdan, er-xotin jasadni ikkinchi mashinaga ko‘chirib, voqea sodir bo‘lgan joydan taxminan 35 kilometr uzoqlikdagi Farhod kanaliga tashlab yuborgani aytilmoqda.
Shundan so‘ng qidiruv ishlari kanalning jasad tashlab ketilgan nuqtasidan Sirdaryo daryosigacha bo‘lgan qismida olib borilgan. Oradan qariyb uch oyga yaqin vaqt o‘tib, marhumning jasadi topilgani xabar qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!